Fuqarolarni oliygohga kiritib qo`yish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan shaxs qo`lga olindi, deya xabar bermoqda DXX.
Ma`lum qilinishicha, 1999 yilda Ishtixon tumanida tug`ilgan, mazkur tumandagi maktablarning birida o`qituvchlik qilib kelayotgan fuqaro N.A. o`z mansab faoliyatidan foydalangan holda 2 nafar fuqarolarni Samarqand viloyatida ochilishi rejalashtirilgan “Nukus Innovasion Instituti” nomli xususiy oliygohning 2-bosqichidan o`qishga kiritishni va`da qilib, ulardan 500 AQSh dollaridan, jami 1000 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag`larini talab qilgan.
DXX Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda IJQK Departamenti xodimlari bilan o`tkazilgan tezkor tadbirda, N.A. ikki nafar fuqarolardan firibgarlik yo`li bilan 1 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida jinoyat ustida qo`lga olingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






