AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda II xalqaro yoshlar qurultoyi bo`lib o`tadi

'Qashqadaryoda II xalqaro yoshlar qurultoyi bo`lib o`tadi'ning rasmi

7-11 avgust kunlari Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi "Lochin" bolalar sog`lomlashtirish oromgohida “Yoshlar turizmi” II xalqaro qurultoyi bo`lib o`tadi.

Tadbirda Tojikiston, Qirg`iziston, Qozog`iston, Turkiya kabi davlatlar, shuningdek, Qashqadaryo bilan birodarlashgan viloyat va shaharlar yoshlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Xalqaro qurultoyga O`zbekistonning har bir hududidan 50 dan ortiq iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, jumladan nogironligi bo`lgan yoshlar hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o`quvchi va talabalar ham jalb qilingan.

Besh kun davomida mehmonlarni biri biridan qiziqarli tadbirlar kutmoqda. Tanlov, musobaqa, taqdimot, uchrashuv, aksiya, loyiha hamda kitobxonlik kuni, milliy va etnosport turlari bo`yicha sport musobaqalari, madaniy-ko`ngilochar, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash bo`yicha davra suhbatlari, yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari, O`zbekistondagi diplomatik missiya vakillari bilan ishtirokchilarning uchrashuvlari kabi qator tadbirlar shular jumlasidandir.

Ta`kidlash joizki, tadbir davlatimiz rahbarining “Ichki turizm xizmatlarini diversifikasiya qilishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi hamda “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorlari ijrosini ta`minlash maqsadida o`tkazilmoqda.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan yoshlar va jamoalar faxriy yorliq hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlanishadi.

Shu bilan birga, II xalqaro yoshlar qurultoyi ishtirokchilarining har biriga Turizm qo`mitasining maxsus sertifikatlari topshiriladi.

Ma`lumot uchun, 2022 yilda Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida I Xalqaro “Yoshlar turizmi” qurultoyini bo`lib o`tgan edi.

    Boshqa yangiliklar