Toshkent shahri Yangihayot tumanida yashovchi 40 yoshli B.R.ning bank kartasidan 600.000 so`m miqdoridagi pul mablag`lari noma`lum shaxs tomonidan firibgarlik yo`li bilan o`zlashtirilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida yashovchi 20 yoshli (ayol) M.O`. sodir etganligi aniqlangan.
Unga ko`ra, M.O`. jabrlanuvchi B.R. bilan “Telegram” messenjerida “Luiza” nomli profili orqali tanishib, unga intim xizmat ko`rsatishi uchun oldindan 600.000 so`m miqdoridagi pullarni o`zining foydalanuvidagi boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan bank kartasiga o`tkazdirib olib, yozishmalarni o`chirib yuborgan va akkauntini “qora ro`yxat”ga kiritib qo`ygan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, M.O`.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.