Navoiy viloyatidagi Xatirchi tuman tibbiyot birlashmasida ayol tug`uruqdan so`ng vafot etdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xatirchi tumani, “Xonaqa” mahallasida yashovchi, 1998 yilda tug`ilgan fuqaro S.X. tug`uruqdan so`ng tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo`limida vafot etgan. Holat yuzasidan Xatirchi tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani ma`lum qilindi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida marhumaning o`lim sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi va tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Tekshiruv harakatlari esa viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning iyul oyida Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi tug`uruqxonada homilador ayol chaqalog`i bilan vafot etgandi. Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat bo`yicha bayonot berib, ayol muassasaga olib kelinganida ahvoli o`ta og`ir bo`lganini ma`lum qilgan.






