AsosiyJamiyat

"Qarindoshlaringiz shu ahvolga tushsa, nima qilar edingiz?" Senat raisi yalpi majlisda liftda vafot etgan ayol hodisasini ko`tardi

'"Qarindoshlaringiz shu ahvolga tushsa, nima qilar edingiz?" Senat raisi yalpi majlisda liftda vafot etgan ayol hodisasini ko`tardi'ning rasmi

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida senatorlar ijtimoiy hayotda uchrayotgan dolzarb masalalarga e`tibor qaratdi. Aniqrog`i, senatorlarning aholi duch kelayotgan muammolar echimiga qanday e`tibor qaratayotgani ko`rib chiqildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda. 

Majlisda so`z olgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi Qutbiddin Burxonov hal etilishi lozim bo`lgan masalalarning uchrab turgani, mas`ullarning ular echimiga etarli e`tibor qaratmayotgani jiddiy muammolar yuzaga chiqishiga olib kelayotganini qayd etdi.  

– Eng tashvishlisi, hatto maishiy xarakterdagi muammolar ta`sirida odamlarning qonunlarga, mas`ul davlat tuzilmalariga bo`lgan ishonchiga putur etmoqda, – dedi Q.Burxonov. – Xususan, joriy yil iyun oyida Toshkent shahar Yangihayot tumani Yangi Darxon mahallasidagi ko`p qavatli uyning liftida yuzaga kelgan nosozlik oqibatida 11 nafar fuqaro jabr ko`rdi. Shundan so`ng qo`mitamiz tomonidan mamlakatimizdagi liftlarning holati hamda ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya qilinishi ahvoli o`rganildi. Shunda bu borada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.  

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Tog`-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga ko`p kvartirali uylardagi liftlarning texnik holati belgilangan talablarga muvofiqligini ta`minlash, ularning davlat ekspertizasidan o`tkazilgan holda o`rnatilishini nazorat qilish, nosoz liftlardan foydalanishni taqiqlash choralarini ko`rish kabi qator vazifalar yuklatilgan. Biroq, ajablanarli jihati shundaki, bu vazifalarni amalga oshirish uchun inspeksiya zarur vakolatlarga va etarli mutaxassislarga ega emas. Misol uchun, yangi qurilgan ko`p xonadonli uy-joylarni davlat hay`ati qabul qilish komissiyasi tarkibiga inspeksiya kiritilmagan.  

Oqibatda mutaxassislarning tegishli xulosasi olinmasdan, ya`ni lift qurilmalari belgilangan tartibda davlat ro`yxatiga olinmasdan hamda xavfsizlik tomonidan ko`rikdan o`tkazilmagan tarzda foydalanishga topshirilmoqda.  

Mamlakatimizdagi yangi qurilgan ko`p xonadonli uylardagi qariyb 400 ga yaqin lift uskunalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan, lekin foydalanib kelinmoqda.  

Eng yomon tomoni shundaki, odamlarning xavfsizligi to`liq kafolatlanmayapti. Yaqinda Mirzo Ulug`bek tumani Parkent ko`chasidagi ko`p qavatli ulardan birida lift nosozligi tufayli unda uch kun qolib ketib, 32 yoshli ayol vafot etgani juda qayg`uli ish bo`ldi...  

Bu masala bo`yicha fikrlari so`ralgan mutasaddilar - Tog`-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig`i o`rinbosari Baxtiyor Xolmatov, Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirining birinchi o`rinbosari Sherzod Hidoyatov muammolar mavjudligi, lekin me`yoriy hujjatlarda chalkashliklar borligini qayd etdi. Hujjatlarni takomillashtirish, liftlarning bojxona orqali kirib kelishidan tortib o`rnatilishi va foydalanilishi bo`yicha nazorat o`rnatish ishlari yo`lga qo`yilishi ta`kidlandi.  

Bu masala bo`yicha munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboeva ko`p qavatli uylarni foydalanishga topshirishda liftlar bo`yicha mutaxassislar ishtirok etmayotgani juda achinarli holat ekanini qayd etdi.  

–Muammo bo`yicha fikr bildirgan mutasaddilardan aniq taklif eshitmadik, – dedi Tanzila Norboeva. – Nega oldin muammolar ko`tarilmadi? Hukumatga taklif kiritilmadi?  Liftlarda inson vafot etishiga toqatsiz munosabatda bo`lish kerak. Qarindoshlaringiz shu ahvolga tushsa, nima qilar edingiz? Amaliy ishga o`tish kerak. Sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni puxta tayyorlash kerak. Mutaxassislarning funksional vazifalari, mas`uliyati  aniq belgilab qo`yilishi kerak. Javobgarlik bo`lishi shart. Axir nimaga odamlar liftlar ichida o`lib ketishi kerak? Bunaqa sansalorlik bo`lishi kerak emas. Bu borada qattiq nazorat bo`lishi shart. Keyingi yalpi majlisda buning natijasi ko`rib chiqiladi.  

    Boshqa yangiliklar