AsosiyJamiyat

Toshkentda muddatli to`lov evaziga mashina olib berishni aytib, yuzlab odamdan milliardlab pulni yig`ib olgan shaxslar aniqlandi

'Toshkentda muddatli to`lov evaziga mashina olib berishni aytib, yuzlab odamdan milliardlab pulni yig`ib olgan shaxslar aniqlandi'ning rasmi

Toshkent shahrida juda ko`p miqdordagi noqonuniy topilgan mablag`larni legallashtirish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi. 

Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda fuqaro U.P. va boshqalar 2022 yilda “I.A.” va “A.A.”  MChJni tashkil etishib, 188 nafar fuqaroga muddatli to`lov asosida avtomashina etkazib berish bo`yicha lizing shartnomasi asosida jami 9,8 mlrd so`mini dastlabki to`lov sifatida qabul qilishib, shundan 138 nafar fuqaroga avtomashina olib bermasdan, mijozlarning jami 946,2 mln so`mini plastik kartalariga o`tkazib naqdlashtirib olganliklari aniqlangan.

Xuddi shunday, “S.R.” MChJ mas`ul shaxslari 98 nafar fuqaro bilan muddatli to`lov asosida avtomashina etkazib berish bo`yicha tuzilgan lizing shartnomasi asosida jami 4,7 mlrd so`mini dastlabki to`lov sifatida qabul qilishib, shundan 1,5 mlrd so`mini MChJni norasmiy boshqarib kelgan N.T. va boshqalarning plastik kartalariga o`tkazib naqdlashtirib olganliklari hamda 462 mln so`mni “R.A.” MChJning nizom jamg`armasini shakllantirish uchun o`tkazib, jinoiy yo`l bilan topilgan daromadlarini legallashtirganliklari ma`lum bo`lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi (pul mablag`larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) va  243-moddasi(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar