Zangiota tumanidan oqib o`tuvchi Bo`zsuv kanali atrofida “Maxsustrans”ga tegishli bo`lgan mashina haydovchisi chiqindi tashlagani aniqlandi.
Poytaxt hokimligi axborot xizmati holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Maxsustrans IChB” DUKga qarashli bo`lgan maxsus konteyner avtomashinasi chiqindilarni belgilanganidek Ohangarondagi poligonga emas, Bo`zsuv kanalining Toshkent viloyati Zangiota tumanidan oqib o`tuvchi yo`nalishidagi hududlardan biriga tashlagani va buning uchun haydovchi 1 650 000 so`m miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabarlar tarqalgan.
Bu masala Toshkent shahar hokimligi, “Maxsustrans IChB” DUK mutasaddilari bilan o`rganildi. Chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlagan haydovchi J.M va bu ishga mas`uliyatsizlik bilan qaragan “Shayxontohur-Maxsustrans” ATF direktori F.M. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.






