Ijtimoiy tarmoqlarda bog`chada bolani urib, jag` va lab qismini yirtib yuborishgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda "Millar" ko`rsatuvi xabar bermoqda.
Tarbiyachining so`zlariga ko`ra, qizaloq kaltaklanmagan, karavotdan o`z ehtiyotsizligi oqibatida yiqilib tushgan.
“Karavotdan yiqilib ketdi. Tarmoqlarda tarqalgan narsa yolg`on. Tepadan iloji boricha o`zimiz tushirishga harakat qilyapmiz”, — deydi tarbiyachi.
Shuningdek, qizning buvisi ham bog`chaga e`tirozi yo`qligini, nabirasi o`zi yiqilib tushganini aytdi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi ham qizaloq behosdan yiqilganini bildirgan. Uning yiqilishi oqibatida iyak va lab qismi jarohatlangan. Tarbiyachi tomonidan birinchi yordam ko`rsatilgan.
O`rganish davomida ma`lum bo`lishicha, qizaloqning ahvoli hozirda yaxshi. Ota-onasining ham e`tirozi yo`q. Tuman Maktabgacha va maktab ta`limi bo`limi tomonidan 3-sonli oilaviy MTTga ogohlantirish xati yuborildi.






