OTMga o`qishga kiritish bilan bog`liq firibgarlik holatlari aniqlandi, deya "darakchi.uz"ga xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Andijon davlat universiteti xodimi yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni mazkur oliy o`quv yurtining “Biologiya” yo`nalishining sirtqi bo`limiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Qarshi shahrida yashovchi, 1992 y.t. shaxs o`zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Qarshi davlat universitetining “Sport” fakultetiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Bu yo`nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbir o`tkazishdi.
Xususan, Chirchiq davlat pedagogika universitetining bo`lim boshlig`i 2 nafar fuqaroning Rossiya Federasiyasi oliy o`quv yurtidagi o`qishini o`zi faoliyat yuritayotgan universitetga ko`chirib berish va 2 nafar fuqaroga ingliz tilini bilish bo`yicha xalqaro sertifikat olib berish evaziga 10.100 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa holatda esa Chirchiq davlat pedagogika universiteti o`qituvchisi fuqaroni ushbu oliy o`quv yurtining maktabgacha va boshlang`ich ta`limda jismoniy tarbiya yo`nalishiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Yana bir holatda Qibray tumanida yashovchi er-xotin o`zlarining tanishlari yordamida fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 3500 AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.