Namanganda bola puli olib berish evaziga pul talab qilgan mahalla raisiga jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda “O`zbekiston 24” telekanalining “Vaziyat 24” dasturida ma`lum qilindi.
Unda aytilishicha, ayol o`zining ikki nafar, dugonasining uch nafar voyaga etmagan farzandlariga bolalar nafaqasini olish tartibini bilish maqsadida o`zi yashaydigan mahalla raisi oldiga borgan. Mahalla raisi bola pulini byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi Namangan shahar bo`limida ishlaydigan tanishi orqali olib berishni va`da qilgan va buning evaziga 1,3 million so`m talab qilgan.
Ayol IIB ariza murojaat qilib, mahalla raisining harakati qonuniyligini tekshirish berishni so`ragan. Ariza yuzasidan viloyat IIB tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat-qidiruv boshqarmasi, Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda mahalla raisi ayoldan kimyoviy ishov berilgan 1,3 million so`mni olganida ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (xizmat mavqeyidan foydalanib firibgarlik qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan bo`lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda






