1

O`zbekiston va Ozarbayjon tovar ayirboshlash hajmi 1 mlrd dollarga etkaziladi

Siyosat 22.08.2023, 23:06
O`zbekiston va Ozarbayjon tovar ayirboshlash hajmi 1 mlrd dollarga etkaziladi

Shavkat Mirziyoev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Alievning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O`zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va ko`p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari dini bir, qadriyatlari, an`analari, tili va madaniyati o`xshash bo`lgan xalqlar o`rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda eng yuksak darajaga ko`tarilganini qayd etdi. O`zbekiston rahbari Ozarbayjon xalqini atoqli davlat arbobi, umummilliy etakchi Haydar Alievning 100 yillik yubiley bilan tabrikladi.

Prezidentlar kuni kecha ikki mamlakat etakchi kompaniyalari ishtirokida o`tgan biznes forumi yakunlarini yuqori baholadi. Savdo va sanoat kooperasiyasida jadal o`sish kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqin yillarda uchinchi mamlakatlardan qimmat importning o`rnini milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon va sifatli mahsulotlari bilan bosish orqali tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga etkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko`rsatib o`tildi.

Sanoat kooperasiyasi xususida so`z borar ekan, Prezidentlar energetika, metallurgiya, foydali qazilmalar, mashinasozlik, elektrotexnika, to`qimachilik, farmasevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo`yicha qat`iy kelishuvlarga erishilganini olqishladi.

Bunday loyihalarni qo`llab-quvvatlash uchun qo`shma Investisiya jamg`armasining mablag`larini faol o`zlashtirish muhimligi ta`kidlandi. Hududlar o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, ularning sanoat salohiyatini hisobga olgan holda yangi kooperasiya loyihalarini ilgari surish uchun hududiy ma`muriyatlar rahbarlarining to`g`ridan-to`g`ri muloqotini va muntazam uchrashuvlarini yo`lga qo`yish g`oyasi qo`llab-quvvatlandi.

Etakchilar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik jihatdan muhimligini qayd etdi. O`tgan yilda O`zbekiston yuklarini Boku porti orqali tashish hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Mamlakat bundan buyon ham Ozarbayjonning zamonaviy transport tarmog`idan foydalanib, yuk tashishni ko`paytirish niyatida.

Shuningdek, Transkaspiy yo`lagi doirasida qo`shma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Boku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini barpo etish choralari muhokama qilindi. Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi, shu jumladan Madaniyat va kino kunlari, ijodiy va ilmiy ziyolilar, yoshlar tashkilotlarining uchrashuvlarini o`tkazishga kelishib olindi.

Yig`ilish davomida tashqi siyosiy idoralar rahbarlari, Hukumatlararo komissiya hamraislari, transport va energetika, qishloq xo`jaligi va madaniyat vazirlarining muzokaralar kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yakunda davlat rahbarlari qo`shma “yo`l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini ta`sis etishga topshiriq berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1