Surxondaryoda prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari o`tkazilganda bir qator qonunbuzilishi holatlariga yo`l qo`yilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Sho`rchi tumani hokimligi mansabdor shaxslari o`z vazifalariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo`lishgani oqibatida madaniy meros ob`ektlariga 3,1 mlrd. so`mlik zarar etkazilgan.
Jumladan, 2022-2023 yillarda:
– “M.” xususiy korxonasi rahbari X. M. va boshqalar “Yangiariq” mahallasidagi VII asrga oid “Jartepa” arxeologik yodgorligi hududida g`isht ishlab chiqarish faoliyati bilan shug`ullanib, 1,8 mlrd. so`mlik;
– fuqaro E. M. va boshqalar “Katta Sovur” mahallasidagi VI-VIII asrlarga oid “Qorovultepa” arxeologik yodgorligi tuproqlarini kesib, molxona qurib olib, 693 mln. so`mlik;
– fuqaro T. T. va boshqalar “Sourtepa” mahallasidagi I - V asrlarga oid “Savurtepa 2” arxeologik yodgorligi tuproqlarini kesib, molxona, hojatxona qurib, 670 mln. so`mlik zarar etkazilgan.
Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.