Bugungi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bemorlarni davolashning ko`plab innovasion usullari joriy qilinmoqda. Xususan, bu erda qo`llanilayotgan kam invaziv amaliyotlar natijasida uzoq yillardan buyon og`ir darddan aziyat chekkan ko`plab yurtdoshlarimiz qisqa vaqt ichida shifo topib, oilasi bag`riga qaytyapti.
Muassasada yiliga 3000 ga yaqin endoprotezlash va 3500 dan ziyod artroskopik operasiyalar o`tkazilmoqda.
Markazda yangi davolash usullarini yo`lga qo`yish doirasida tirsak bo`g`imi jarohatlarini endoprotez yoki plastinalar yordamida emas, balki Ilizarov usuli bilan tiklash yo`lga qo`yildi.
Bu erda yurtimizda ilk bor 1 yoshu 4 oylik bolaning ortiqcha yarim tana umurtqasini olib tashlash jarrohlik amaliyoti o`tkazildi. 2 nafar bemorda birinchi marta oshiq suyagining avaskulyar nekrozida mozaik xondroplastika, bir nafar fuqaroda chanoq-son bo`g`imi endoprotezlari nostabilligida hamda suyak defektida allosuyak yordamida nuqsonlarni to`ldirish va endoprotezlash operasiyalari bajarildi.
Shuningdek, suyak sinishlarini davolashda bloklovchi osteosintez deb ataluvchi zamonaviy operasiya usulidan foydalana boshlandi.
Ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya xizmatini aholiga yaqinlashtirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida hozirda murakkab amaliyotlar tumanlar darajasigacha tushirilmoqda.
Masalan, Andijon viloyatida ilk bor son suyagi boshchasining aseptik nekrozida tunnelizasiya va PRP-terapiya yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi. Farg`ona viloyatining O`zbekiston tumanida 3, Qo`qon shahrida 8, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida 2, Buxoro viloyatining Kogon va Buxoro tumanlarida 4 nafar bemorda esa chanoq-son bo`g`imini endoprotezlash muolajasi yo`lga qo`yildi.
Shifo maskanida o`zlashtirilgan yana bir zamonaviy muolaja turi — bu tug`ma maymoqlikni Ponseti usuli bilan davolashdir. Ushbu muolaja, avvalo, u kaminvazivligi bilan ajralib turadi. Bunda bemor qisqa vaqtda va asoratsiz tuzaladi.
Aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish ko`lamini kengaytirish maqsadida markazda bir qancha yangi bo`limlar ham ochildi. Xususan, O`zbekiston tibbiyotida noyob yo`nalish bo`lgan qo`l va oyoq panjasi xirurgiyasi bo`limi, ikkinchi artroskopiya bo`limi, alohida reabilitasiya bo`limi shular jumlasidandir.
Ta`kidlash joizki, shu yil oxiriga qadar mazkur markazda kompyuter navigasiyasi yordamida yirik bo`g`imlarni endoprotezlash va robotlashtirilgan jarrohlik texnikasini joriy etish ham rejalashtirilgan.






