AsosiyJamiyat

“U qo`shiqlari orqali butun dunyoga O`zbekiston haqida jar solardi”

'“U qo`shiqlari orqali butun dunyoga O`zbekiston haqida jar solardi”'ning rasmi

O`tkir Hoshimov aytganidek, inson shu qadar buyukki, uning fazilatlarini o`lchash-dunyodagi eng baland tog`ning eng baland cho`qqisiga emaklab chiqish zahmati bilan teng. Bu kurrai zamin, bu yorug` jahon ana shunday insonlarni qanchasini ko`rmadi. Lekin ularning hammasiga ham o`zgalar ko`nglidan joy topa olish baxti nasib qildimi? Yo`q, albatta.

O`zbekiston va Tojikiston xalq artisti, O`zbek san`atining chinakam fenomeniga aylangan hofiz Sherali Jo`raev ana shunday baxtga muyassar bo`lgan kam sonli insonlardan bo`ldi. 4 sentyabr kuni o`zbek san`atining bir ustuni quladi, Sherali Jo`raev 77 yoshida olamdan o`tdi. Uning o`limi minglar emas, millionlarning ko`ziga yosh qalqitgan bo`lsa ajab emas.

Darakchi.uz marhum san`atkor Sherali Jo`raevning yaqinlari, do`stlari, muxlislari bilan suhbatlashdi. Ularning ko`ngil kechinmalarini eshitdi.

Ozodbek Nazerbekov, madaniyat vaziri:

– U nafaqat O`zbekistonda, balki mintaqamizdagi eng zabardast san`atkor sifatida e`tirof etilgan. O`zbek milliy qo`shiqchilik san`atiga hayotini baxshida etgan hofizning favqulodda noyob ovozi, ijro etgan har bir qo`shig`i har bir xonadonga, har bir yurakka kirib borgan, qalblarni zabt etgan edi.

San`atkorimizning o`zbek tili va adabiyoti, san`atiga bo`lgan mehri va sadoqati har bir ijrosida zohir edi. Afsus, bu tabarruk zot, ustoz-san`atkor bugun oramizda yo`q. Lekin, haqiqiy san`at fidoyisining porloq xotirasi qalblarda mangu yashaydi. Hofizimiz ijro etgan qo`shiqlar endi uning shogirdlari, farzandlari tomonidan davom ettiriladi...

Demakki, salkam 80 yillik umr besamar ketmadi, ortida yorqin iz qoldi.

Otabek Umarov, Osiyo Olimpiya Kengashi vise prezidenti, Prezident xavfsizlik xizmati boshlig`ining o`rinbosari:

Movorounnahr va buyuk Turonning buyuk hofizi, O`zbek millatining betakror san`at darg`asi, xalqimizning suyukli xonandasi, dilbar shaxs – Sherali Jo`raev Haqqa qovushdi. Sherali Jo`raev xalqimiz yodida unitilmas xotira bo`lib, qalbida eng muqaddas kuy bo`lib yashab qoladi. 

Elning buyuk va suyuk san`atkori, Sherali Jo`raevning oila a`zolariga, qavmi-qarindoshlari va yaqinlariga Allohdan sabr tilaymiz.

Vasiliy Shimko, Slovakiyaning O`zbekistondagi faxriy konsuli:

Bilasizmi, Sherali Jo`raev o`zbek san`atining afsonalaridan biri. U qo`shiqlari orqali butun dunyoga O`zbekiston haqida jar solardi. Tongda bu xabarni eshitganimda katta yo`qotish sifatida qabul qildim. Balki hozirgi yosh avloddan ular kabi insonlar etishib chiqar, lekin bir narsa aniqki, bunday istedodlar kamdan kam dunyoga keladi. Lekin y o`zidan munosib izdoshlar qoldirdi deb o`ylayman.

Leonid Yakubovich, Rossiyalik teleboshlovchi, aktyor, ssenariynavis, teleprodyuser:

Men bu insonni yaxshi tanir edim. Men u bilan ko`rishganman. Lekin bugungi holat haqida gapirish juda qiyin. Har bir odam o`zidan so`ng qoldiradigan iz bo`ladi, bu vaqtinchalik iz yoki abadiy iz bo`lishi mumkin. Bu inson qilgan ishlari esa ancha xotirlanadi. U so`zsiz iste`dodli edi. U bilan faxrlansa arziydi

Ashurali Jo`raev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist:

Sherali Jo`raev qo`shiq olamiga tog`ning qoyasiday kirib keldi. U bizni hamisha qalbimizni ko`tarib yurishga, qaddimizni tik tutishga va mard xalq bo`lishga undadi. Bu qo`shiqlar katta bir avlodni tarbiyaladi. U qo`shiqchilik olamida, o`zbek san`ati sahifalarida o`zining maktabini yaratib ketdi. Bu maktab hali ko`plab bizni avlodlarimizni hayrat va hayajonga soladi

Rustam Jabborov, journalist:

Ko`pchilik Sherali akani biroz takabbur, kalondimog` deb o`ylardi. Asida sherali akadek kamtarin, xushchaqchaq, ko`ngli ochiq, muloyim insonlarni kam uchratganman. Men u kishi bilan bir necha bor hamsuhbat bo`lganman, uylarga borganman. Hatto bir yili Ramazon oyida bir qancha olim va jurnalitslar, hofizning shogirdlari bilan o`sha erda iftorlik qilib, to saharlik paytiga qadar suhbatlashib chiqqanmiz.

To bomdodga qadar suhbatimiz uzilmadi.

Sherali aka o`zining hayotidagi ko`plab voqealarni aytib bergan. Qo`lida torini olib, faqat biz, 2-3 nafar mehmon uchun besh-oltita qo`shig`ini ijro etib bergandi.  Ayrim xotiralarini tilga olarkan, menga qarab "sen jurnalistsan, bularni yana "Darakchi"da chiqarib yurma" deb hazilashgandi. Shu bois, mayli o`sha gaplar sir bo`lib qolsin. Sherali aka tongga yaqin biz bilan xayrlashayotib, hovlisidagi olma daraxtidan o`z qo`li bilan olma terib bergan, "bugun uylaringda iftorlik qilganda ersizlar, o`z qo`lim bilan ekkanman" degandi...  Alloh rahmatiga olgan bo`lsin. Haligacha bu noxush xabardan o`zimga kelolmayapman...

Abror Zohidov, jurnalist:

Alohida ummon – Sherali Jo`raev! U o`zidan oldingi barcha xonandalarning hurmatini joyiga qo`ygan, ustoz deb atagan. Lekin qo`lni ko`ksimizga qo`yib aytsak, ustozlari ham hofizdek maktab yarata olishmagan, ijodi ikki olam falsafasiga yo`g`rilmagan, qo`shiqlari har bir dilda abadiy mehmon bo`lmagan.

“Sen shu davrni kuzatganing uchun shunday tuyiladi” deya tortisharsiz. Lekin shukrki bu zamonda ijod ham, san`at ham izsiz ketmaydi, tarixga turli shaklda muhrlanadi. Biz esa taqqoslab, baho berish imkoniga egamiz.

Maqsud Jonixonov, “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri:

Sherali Jo`raev barcha muxlislarni yig`latib bu dunyoni tark etdi. Sherali Jo`raev o`zbek san`atida katta maktab, ashulachilik san`atida yangi yo`nalish yaratgan ulug` hofiz edi. Shunday xonandalar bor, bir yilda paydo bo`lib o`sha yili yo`q bo`ladi.

Sherali Jo`raev 17 yoshidan boshlab qo`shiq aytib kelmoqda. U sal kam 60 yil shu yurtga xizmat qildi. Bitta o`pka bilan, bitta ovoz bilan. Bunaqasi dunyo xalqlari san`ati tarixida ham kuzatilmagan. Yana bir muhim jihati, Sher akani repertuaridagi qo`shiqlar nihoyatda ko`p va rang barang. Nafaqat o`zimizning, balki jahon klassik shoirlari she`rlarini kuyga solib, go`zal qo`shiqlar yaratgan.

Sher aka to`ylarda savdolashib o`tirmasdilar, boraverardilar. Bir davraga borsalar, diskni qo`yib nomiga og`iz qimirlatmasdilar, xizmat qilsalar, oxirigacha chin dildan xizmat qilardilar. Eng kamida 3-4 soat xizmat qilardilar. Xalqni dardini aytgan, xalqni ichidan chiqqan ana shunaqa xalq artisti edi u kishi. Joylari  jannatda bo`lsin.

Mirzabek Holmetov, aktyor, so`z ustasi:

Har bir insonni olamdan o`tishi, yaqinlari, do`stlari, oilasi uchun og`ir judolik. Lekin, shunday odamlar borki, olamdan o`tsa ham, ularni yashab o`tgan hayoti, mehnati, ijod faoliyati va maqsadi mangu qoladi.

Sherali aka Jo`raevning oilasiga, yaqinlariga va aziz muxlislariga o`z ta`ziyamni bildiraman. Alloh ularni o`z rahmatiga va Habibimiz shafoatiga munosib ko`rib, jannati ila siylasin.

Oson emas, yaxshilardan bo`lmoqlik judo,

Tangri rahmat qilsin, mahshargacha alvido.

Yulduz Usmonova, O`zbekiston xalq artisti:

Sher akada buyukdan, yuqoridan aytilgan qo`shiqlar ko`pda, shuning uchun ham sevilgan, eshitilgan. U odam ham yoshligida o`jarroq edi. Shuni uchun jabru jafolarni ko`p chekdi.

Sherali Jo`raevni buyuk san`ati borligi uchun ustoz deb bildik. Lekin menga o`xshab betiga sapchigan ham bo`lmasa kerak. Ko`p tortishardik, aka ukadek edik, menikini ko`tarardi.

O`sha payti orzularimga, motivasiyamga sabab bo`lgan odamlar bular. Shuning uchun ustoz menga.

Xulosa qilib aytish mumkinki, insonni qancha yashagani emas, qanday yashagani muhim. Olamdan o`tgach, boshqalar yodida qanday saqlanib qolgani muhim.

Darakchi.uz jamoasi yana bir bor Sherali Jo`raevning oila a`zolariga, do`st-birodarlariga va millionlab muxlislariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Karim Zaripov

Oybek Shukurov 

    Boshqa yangiliklar