Turkmaniston parlamenti rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oliy mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda Sputnik Tojikiston xabar berdi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan qabul qilingan qaror Berdimuhamedovning mintaqa davlatlari o`rtasida do`stlik, hamkorlikni mustahkamlash va tinchlikni saqlashga qo`shgan ulkan hissasi e`tirof etilganidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon prezidentlari ishtirokida Berdimuhamedovga “Faxriy nishon” ordenini topshirish marosimi bo`lib o`tgan. Berdimuhamedovga mukofotni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon topshirgan.
Ta`kidlanishicha, Berdimuhamedov mintaqa mamlakatlari o`rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlari va tashabbuslarini dunyoda ilgari surishga katta hissa qo`shgan.
Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov oliy faxriy mukofotni qo`lga kiritgach, Emomali Rahmonga mehmondo`stligi, xizmatlarini e`tirof etgani uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirgan.