O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuvda O`zbekistonning tez fursatda JSTga a`zo bo`lishi bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz o`z oldiga o`rta va uzoq muddatli rivojlanish bo`yicha qo`ygan maqsadlardan kelib chiqqan holda tashkilotga qo`shilish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta`kidladi.
O`zbekiston Prezidenti Ishchi guruhning navbatdagi yig`ilishini tayyorlash, shuningdek, jarayonda ishtirok etayotgan mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish va malakasini oshirish masalalariga to`xtaldi.
JST bosh direktori O`zbekiston tomonidan tashkilotga a`zo bo`lish borasida ko`rilayotgan choralarni yuqori baholadi.
Ngozi Okonjo-Iveala JST Kotibiyati O`zbekistonning sa`y-harakatlarini to`liq qo`llab-quvvatlashini hamda mamlakatimiz yaqin kelajakda tashkilotga qo`shilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida Ishchi guruhining navbatdagi yig`ilishiga tayyorgarlikni jadallashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchiligimizni JST bitim va qoidalariga uyg`unlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.






