AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o`tkazdi

'Shavkat Mirziyoev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o`tkazdi'ning rasmi

19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida o`tayotgan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumiy munozaralari doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o`tkazdi.

O`zbekistonning BMT bilan hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari, eng avvalo, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni ro`yobga chiqarish masalalari ko`rib chiqildi.

Keyingi yillarda O`zbekiston va BMT o`rtasidagi hamkorlik misli ko`rilmagan yuksak darajaga chiqqani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O`zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyusiyasi qabul qilindi, Orolbo`yi mintaqasi ahosilini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda.

O`zbekiston BMTning bir qator nufuzli tuzilmalariga saylandi va ularning ishida faol ishtirok etmoqda. Birgalikda global kun tartibiga oid, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, turizmni rivojlantirish, kambag`allikka va iqlim o`zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo`yicha yirik xalqaro tadbirlar o`tkazilmoqda.

Antoniu Guterrish O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Bosh Assambleya 78-sessiyasidagi nutqini yuksak baholab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini qo`llab-quvvatlashini, davlatimiz rahbari dolzarb global va mintaqaviy muammolarga echim topish borasida ilgari surgan tashabbus va takliflar muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.

Bosh kotib yangi «O`zbekiston – 2030» islohotlar strategiyasiga kiritilgan maqsad va vaziflarning ko`lamdorligini, ular Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan to`liq hamohangligini alohida qayd etdi. BMT va uning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjatni amalga oshirishga ko`maklashishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida O`zbekiston bilan BMT o`rtasidagi keng ko`lamli sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha «yo`l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar