O`zbekiston Prezidenti Pokiston Hukumati rahbari bilan ko`p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 sentyabr kuni Nyu-York shahrida o`tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar ul-Haq Kakar bilan uchrashdi.
Muzokaralarda O`zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investisiya va transport-kommunikasiya sohalarida yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o`zaro savdo ko`rsatkichlari yil boshidan 75 foizga o`sganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shu davrda yuk tashish hajmi 50 foizga oshdi, 20 ta yangi qo`shma korxona ochildi.
Davlatimiz rahbari Imtiyozli savdo to`g`risidagi bitim doirasida tovar ayirboshlashni oshirish uchun qulay sharoitlarni yaratish ishlarini davom ettirish muhimligini ta`kidladi.
Ikki mamlakat hududlari o`rtasida samarali hamkorlikni kengaytirish va kooperasiya aloqalarini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi ko`rsatib o`tildi. To`qimachilik, farmasevtika, elektrotexnika va turizm sohalarida qo`shma investisiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ham ko`rib chiqildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash yuzasidan, shu jumladan Afg`onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.
Transafg`on temir yo`lini qurish loyihasini amalda ilgari surish borasida birgalikda harakat qilish muhim ekani qayd etildi.