AsosiyJamiyat

Temir yo`l kompaniyasi avtomobilda yuk tashish bilan raqobat qila olmayapti - Prezident

'Temir yo`l kompaniyasi avtomobilda yuk tashish bilan raqobat qila olmayapti - Prezident'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida temir yo`l sohasida hal qilinishi lozim bo`lgan asosiy masalalar yuzasidan yig`ilish boshlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda. 

So`nggi etti yilda mamlakatimizda sanoat korxonalari soni 2,7 baravarga oshib, 110 mingtaga etgani, 2 mingdan ziyod turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgani, sanoat hajmi 1,5 baravarga oshgani qayd etildi.

Eksport hajmi 1,6 barobar ko`payib, o`tgan yili 19 milliard dollarga etdi. Bular hisobiga mamlakatimizda yuk aylanmasi 30 foizga oshdi. Ayniqsa, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Samarqand va vodiy viloyatlariga yuk tashish 1,5 baravar ko`paydi.

Shu bilan birga, halqaro maydondagi vaziyat hisobiga transport-logistika xarajatlari bir necha barobar oshib ketdi.

O`zbekiston kabi dunyo okeanlariga to`g`ridan-to`g`ri chiqish imkoni yo`q mamlakatlar uchun eng qulay va arzon transport bu – temir yo`l hisoblanadi.

Lekin, hozir ichki bozorda mahsulotning atigi 5 foizi, eksportda esa 45 foizi temir yo`l orqali tashilmoqda. Ya`ni, temir yo`l kompaniyasi avtomobilda yuk tashish bilan raqobat qila olmayapti.

Yig`ilishda temir yo`l sohasidagi islohotlar sur`ati iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan yangilanishlardan ortda qolayotgani, bu sohada ham tub o`zgarishlarni amalga oshirish vaqti kelgani ta`kidlandi.

Jumladan, bundan ikki oy avval sohaga yangi rahbar tayinlangan edi. Tizimda eskicha fikrlaydigan, tashabbus bildirmaydigan 30 ga yaqin rahbar yangilandi. Samarasiz shtatlar qisqartirildi.

Prezident topshirig`iga ko`ra, 191 ta temir yo`l stansiyasiga borilib, ulardagi haqiqiy ahvol tahlil qilindi, 500 dan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashildi. 

Ushbu tadbirlar natijasida sohada hal qilinishi bo`lgan asosiy muammolar aniqlanib, ularning echimlari belgilab olindi.

Jumladan, ayrim temir yo`l korxonalari rentabelligi past, vagonlar parkining bir qismi ta`mirtalab va yangilanishga muhtoj, sohada xususiy sektor ishtiroki uchun zarur imkoniyatlar yaratilmagan, bilet sotishdagi korrupsiya, vagonlardagi sharoit va servisdan aholimiz norozi. Bularning barchasi sohani isloh qilish zaruriyatini ko`rsatmoqda.

    Boshqa yangiliklar