Bugun, 28 sentyabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan omborxonalarning birida kuchli chaqnash oqibatida yong`in sodir bo`lgani haqida xabar bergan edik.



Hodisa natijasida 163 nafar aholi jabrlangan, bir nafari vafot etgan.



Portlagan obe`ktga yaqin bo`lgan Sergeli tumanidagi Quruvchilar dahasida joylashgan ko`p qavatli uy derazalari, eshik va romlari sinib tushgan. Toshkent shahar hokimligi aholiga etgan barcha zarar qoplab berilishini ma`lum qildi.



Portlashdan bir necha soat o`tib Bosh vazir Abdulla Aripov voqea joyiga etib keldi.



Prezident topshirig`iga ko`ra, Portlash bo`yicha Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi.



Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi (Yong`in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.



Yong`inni o`chirish uchun vertolyot va yong`in o`chirish poezdi ham jalb qilindi. Yong`in-qutqaruv bo`linmalari soat 02:48 da yong`inga etib borib, tezkor harakatlar natijasida, soat 05:02 da yong`in qurshab olingan va soat 10:47 da batamom o`chirilgan.Natijada15 ming kv.m omborxona maydonida yong`in o`chirilib, 30 ming kv.m maydoni saqlab qolindi.












