Joriy yilning 8 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi hukumati delegasiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Xanchjou shahriga tashif buyurdi.
“Xanchjou Xuaszya” davlat qarorgohida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan boshchiligida hukumat delegasiyalarining uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Dastlab, O`zbekiston tomoni Davlatimiz rahbarining XXR Raisi Si Szinpinga yo`llagan samimiy salomi va ezgu tilaklarini etkazdi. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 74 yilligi bilan qutladi.
Uchrashuvda Davlatlarimiz rahbarlarining birgalikdagi say-harakatlari bilan ikki va ko`p tomonlama aloqalarimiz mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani ta`kidlandi.
Xitoy O`zbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan o`tgan strategik hamkoridir.
Savdo-sotiqda muntazam o`sish suratlari kuzatilmoqda. Xususan, 2022 yilda davlatlarimiz o`rtasidagi o`zaro savdo aylanmasi qariyb 9 milliard dollarni tashkil etdi.
O`zaro savdo hajmini oshirish bo`yicha ikki davlat rahbarlari tomonidan hukumatlar zimmasiga 10 milliard dollarga etkazish vazifasi yuklatilgan.
Uchrashuvda nafaqat mazkur natijaga erishish, balki o`zaro savdoni 12-13 milliard dollarga etkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, Xitoyga to`qimachilik, mis, mineral o`g`itlar, qishloq xo`jaligi va boshqa turdagi mahsulotlarning eksport hajmini oshirish imkoniyati mavjud.
O`z navbatida, mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida yirik investision loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017 yildan buyon O`zbekistonda 11 milliard dollardan ortiq ushbu davlat investisiyalari o`zlashtirildi. Bugungi kunga kelib yurtimizda Xitoy kapitali ishtirokida 2 mingga yaqin qo`shma korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, “yashil” energetika, avtomobilsozlik, elektrotexnika, rangli va noyob metallarni qayta ishlash, “aqlli” qishloq xo`jaligi, agro va suvni tejaydigan texnologiyalar ishlab chiqarish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi. Buning uchun zamonaviy texnologiyalarga asoslangan O`zbekiston-Xitoy industrial parkini tashkil etish taklif etildi.
Uchrashuvda bo`lajak Oliy darajadagi muzokaralar iqtisodiy kun tartibini aniq yangi istiqbolli loyihalar bilan to`ldirish, erishilgan kelishuvlar ijrosi holati yuzasidan o`zaro fikr almashildi.
Shuningdek, Xanchjouga tashrif doirasida “Huawei”, “Energy China international”, “Silk road fund” singari Xitoyning yirik kompaniyalari rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo`yicha ham uchrashuvlar o`tkazildi.
O`zbekiston hukumati delegasiyasining Xitoyga ishchi tashrifi davom etmoqda.






