Katta Noida (Hindiston) shahrida bo`lib o`tgan Ayurveda noan`anaviy tibbiyot xalqaro sammitida O`zbekiston tibbiyot turizmi va xalq tabobati salohiyati taqdim qilindi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA.
Taqdimot davomida O`zbekistonning Hindistondagi elchixonasi vakillari tomonidan mamlakatimizning turizm va xalq tabobati sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar hamda ularning samarali natijalari haqida so`zlab berildi. Bunda tibbiyot turizmi imkoniyatlariga alohida urg`u berildi.
O`zbekiston Prezidentining 2018 yil 12 oktyabHrdagi «O`zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorining mazmun-mohiyati, ahamiyati alohida ta`kidlandi. Ushbu muhim hujjat ijrosi doirasida hayotga tadbiq etilayotgan tizimli chora-tadbirlar anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg`otdi. Xalq tabobati an`analaridan samarali foydalanish, soha uchun mutaxassislar tayyorlash, ularni qayta o`qitish va malakasini oshirish jarayonida etakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sog`lomlashtirish markazlari bilan yaqin hamkorlik istiqbollariga e`tibor qaratildi.
- Hindiston va O`zbekiston ayurveda sohasida yaqin hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlarga ega, - deydi Ishan ayurveda tibbiyot kolleji va tadqiqot markazi bosh ijrochi direktori Dipak Garg. – Biz ilg`or bilim, tajriba, innovasiya va texnologiyalarni o`zaro almashishimiz mumkin. O`zbekistonga safar qilish, Hindistonga o`zbek hamkasblarimizni taklif qilishga tayyormiz. Bu esa munosabatlarimizni yangi darajaga ko`tarishga xizmat qiladi.
Xalqaro sammit doirasidagi muloqotlar chog`ida tibbiyot turizmi va noan`anaviy tibbiyot yo`nalishlaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish, xususan, O`zbekiston tibbiyot oliy bilim yurtlarida hindistonlik taniqli mutaxassislarning ma`ruzalarini tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi.






