Zamonaviy axborot jamiyatida elektron hukumat davlat taraqqiyotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda davlat organlari va fuqarolarning o`zaro samarali hamkorligini ta`minlash, ko`rsatilayotgan xizmatlarning qulaylik darajasi va sifatini oshirish imkonini beruvchi “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Yangi texnologiyalar va raqamli vositalar hukumat bilan o`zaro hamkorlik jarayonlarini sezilarli darajada soddalashtiradi, davlat sektorida shaffoflik va hisobdorlikni yaxshilamoqda va milliy iqtisodiyot rivojiga hissa qo`shib kelmoqda.
Hozirga kelib, Elektron hukumatning Yagona identifikasiya tizimi (id.egov.uz) takomillashtirilib, foydalanuvchilar soni 7 mln dan ziyodni tashkil etib, mazkur tizim orqali fuqarolar davlat idoralarining 245 dan ziyod axborot resursidan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida(YaIDXP, my.gov.uz) 400 dan ortiq davlat xizmatidan inson omilisiz elektron tarzda foydalanish imkoniyati yaratildi va elektron xizmatlarga bo`lgan talab 10 barobarga oshdi (937mingdan 9,5 mln taga etdi).
Yagona portal orqali 2020 yilda 9,8 mln ta xizmat ko`rsatilgan.
Bugungi kunda mazkur portalda ro`yxatdan o`tgan foydalanuvchilar soni 3,6 milliondan ortgan. Shuningdek, foydalanuvchilar tomonidan portal xizmatlaridan yil boshidan jami 7,9 mln. marotaba foydalanilgan (o`tgan yil shu davriga nisbatan o`sish 145 foiz).
Shu bilan birga, Yagona portalning mobil ilovasida 168ta (o`sish 160%) elektron davlat xizmatlari aholi va yuridik shaxslarga taqdim etilmoqda.
Aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko`rsatishda qulayliklar yaratish maqsadida, hududlarda 1038ta pochta aloqasi ob`ektlarida YaIDXP platformasidan foydalangan holda 62 turdagi davlat xizmatlarini taqdim etish yo`lga qo`yilgan.
Elektron hukumatning Idoralararo integrasion platformasi takomillashtirilib, 2022 yil davomida davlat organlarining 120 dan ortiq axborot tizimlari o`rtasida 1 500 mln dan ortiq axborot almashinuvi amalga oshirildi, bu esa faqatgina qog`oz xarajatlari uchun oyiga 8,3 mlrd so`m, yiliga esa 100 mlrd so`m mablag` tejab qolinishiga erishilmoqda.
Shu bilan birga, 2023 yil I choragi davomida Elektron hukumatning idoralararo integrasion platformasi orqali 595 mln dan ortiq axborot almashinuvi amalga oshirildi. Joriy yil yakuniga qadar mazkur ko`rsatkichni 2000 mln. marotaba etkazish orqali qog`oz xarajatlari uchun yiliga 140 mlrd so`mni tejashga erishiladi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ma`lumotlarini tijorat tashkilotlariga taqdim etish Raqamli ma`lumotlar platformasi orqali yo`lga qo`yilgan bo`lib, unga ulangan xizmatlar soni 64 tani, qabul qiluvchi tashkilotlar soni esa 33 tani tashkil etmoqda. Platforma orqali amalga oshirilayotgan kunlik so`rovlar soni 32,8 mingga, choraklik ko`rsatkich esa 2,9 mln ga etgan.
Bundan tashqari, Elektron hukumatning ma`lumotnomalar va klassifikatorlar registri(cs.egov.uz)ga bugungi kunga kelib 16ta tashkilot tomonidan 49ta klassifikator kiritilgan.
Axborot tizimlari va resurslarining yagona reestri axborot tizimi (reestr.uz) ishga tushirilib, 157 ta davlat organlarining 730 ta axborot tizimilari va resurslari ro`yxatga olindi.
Elektron hukumatning Idoralararo integrasion platformasi takomillashtirilib, davlat organlarining 130 danortiq axborot tizimlari o`rtasida 2023 yil
1 sentyabr holatiga 1 500 mln dan ortiq axborot almashinuvi amalga oshirildi.
Elektron hujjat almashinuvini ko`zda tutuvchi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi ishlab chiqilib, bugungi kunda 19 575 ta vazirlik, idoralar va ularning tizim tashkilotlarning 83,8 mingdan ortiq foydalanuvchilari ulangan bo`lib, tizim orqali 3 631ta O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlaridan kelib chiqadigan 107 250 mingdan ortiq topshiriqlarning markazlashgan monitoringi olib borilmoqda.
Shuningdek Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining 70% ga «Ijro.gov.uz» ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining takomillashtirilgan talqini «edo.ijro.uz» elektron hujjat aylanish moduli o`rnatildi.
Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, ularning xodimlari o`rtasida xizmat yozishmalarini himoyalangan tarzda amalga oshirish uchun HUMO milliy messenjeri joriy qilindi va bugungi kunda 52917 ta foydalanuvchi mavjud.
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun ma`muriy tartib-taomillarni optimallashtirish va boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish – “Digital office” elektron tizimi ishlab chiqilib, tajriba sinov tarzida joriy etildi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro`yxatdan o`tkazishning yagona elektron tizimi
(e-qaror.gov.uz) tizimi orqali bugungi kunda umumiy 387299tahujjatlar rasmiylashtirildi. Xususan: 215133ta hokim qarorlari, 92437 ta farmoyishlari va 79729 ta kengash qarorlari imzolangan.
Erishilgan natijalar O`zbekistonning xalqaro reytinglardagi o`rnini yaxshilanmoqda. Xususan, Elektron hukumat reytingida (E-Government Development Index – EGDI)mamlakatimiz 193 ta davlat orasida 2020 yilda 87-o`rinni egallagan bo`lsa, o`tgan yilda 18pog`onaga yuqorilab,
69-o`ringa ko`tarildi.
«Open data Inception»ning Ochiq ma`lumotlar manbalari va ular soni bo`yicha 201 ta mamlakat orasida O`zbekiston 4-o`rinni egalladi.
Bu sa`y-harakatlarni yanada rivojlantirish maqsadida eng zamonaviy tipdagi ma`lumotlarni saqlash markazi tashkil etildi.