Samarqandda o`tayotgan O`zbekiston-Fransiya biznes forumi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Meridiame” kompaniyasi raisi Terri Do bilan uchrashdi.
Kompaniya Evropa, Shimoliy Amerika va Afrikada infratuzilma sohasida investisiya loyihalarini amalga oshirish bilan shug`ullanadi. O`n bitta mamlakatda ofislariga ega. Aktivlari – 18 milliard evro.
Uchrashuvda kompaniyaning “Yangi Toshkent”ni barpo etish doirasida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O`zbekiston-Fransiya biznes forumi doirasida “Lactalis” kompaniyasi raisi Emmanuel Bene bilan uchrashdi.
Kompaniya dunyodagi sut va pishloq mahsulotlarining eng yirik ishlab chiqaruvchisidiri. Uning tasarrufida 52 ta mamlakatdagi 270 ta zavod faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuv chog`ida davlatimiz rahbari kompaniyaning Namanganda sut mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish borasidagi rejalarini qo`llab-quvvatladi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O`zbekiston-Fransiya biznes forumi doirasida “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi raisi Kristian Vijsen bilan uchrashuv o`tkazdi.
Kompaniya bio- va onkologik preparatlarni shartnoma asosida ishlab chiqish va ishlab chiqarish bo`yicha xizmatlar ko`rsatuvchi kompaniyalarning etakchi yigirmataligiga kiradi.
Uchrashuv chog`ida birgalikda onkologik dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollari ko`rib chiqildi.
Shundan so`ng Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning rasmiy tashrifi doirasida Samarqand shahrida o`tayotgan O`zbekiston-Fransiya biznes forumida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Fransiya taraqqiyot agentligi rahbari Remi Riu bilan uchrashuv o`tkazdi.
Fransiyaning ushbu davlat moliyaviy muassasasi bilan 1 milliard evrolik Strategik hamkorlik dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etdi.
Prezidentimiz agentlikning byudjetni qo`llab-quvvatlash va hamkorlik doirasidagi loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo`yicha bitimlar imzolash tashabbusini qo`llab-quvvatladi.






