1

Yuzlab sharqshunos olimlar Shavkat Mirziyoevga murojaat yo`llashdi

Madaniyat 08.11.2023, 20:14
Yuzlab sharqshunos olimlar Shavkat Mirziyoevga murojaat yo`llashdi

O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyatining (WOSCU) Samarqand shahrida bo`lib o`tayotgan "O`zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi" VII Xalqaro kongressi ishtirokchilari tomonidan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga murojaat qabul qilindi.

Xususan, hujjatda shunday deyiladi:

"Sizning boshchiligingizda joriy qilinayotgan ko`p qirrali islohotlar, jumladan, mamlakatning ochiqligi va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, fuqarolik tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash tufayli O`zbekiston madaniy merosini qayta tiklash va ommalashtirish bo`yicha keng ko`lamli loyihalarni amalga oshirish imkoni yaratildi. Biz Sizning aynan ta`lim, mamlakatning madaniy merosini o`rganish va asrash davlatni barqaror taraqqiy ettirish, ma`rifatli kelajakni qurishning kafolati ekanligi borasidagi qarashlaringizni qo`llab-quvvatlaymiz. Shu tufayli «O`zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi» mavzusi Kongressning asosiy g`oyasi bo`lib kelayotgani bejiz emas» .

Olimlar mamlakatimiz madaniy merosini saqlash va ommalashtirish zarurligini alohida ta`kidladilar.

«Madaniy meros Yangi O`zbekistonni qurish yo`lida mamlakat faol foydalanayotgan eng muhim boylikdir. Aynan u millatning madaniy kodini asrab-avaylash va uni avloddan avlodga etkazish kafolati hisoblanadi», deya ta`kidlaganlar Kongress ishtirokchilari.

Murojaatda qayd etilishicha, «O`zbekiston madaniy merosi» turkumining 70 jildi, maxsus va ommabop nashrlar, «O`zbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumining 16 jildi, qadimiy qo`lyozma yodgorliklar faksimile nusxalari va ko`plab boshqa nashrlarni chop etish Butunjahon jamiyatining keyingi yillardagi faoliyati samarasi bo`ldi. O`zbekiston tarixida ilk bor 50 dan ortiq xorijiy to`plamlardagi O`zbekistonning 100 nafar tarixiy shaxslariga oid 200 dan ortiq miniatyuralar bir nashrda jamlab chop etildi. Bularning barchasi bevosita Sizning shaxsan ko`rsatgan e`tiboringiz va mamlakat hukumatining doimiy yordami tufayli amalga oshirildi».

Shuningdek, olimlar o`z murojaatida istiqbolga mo`ljallangan rejalari haqida ham ma`lumot berdilar.

«Butunjahon jamiyati kelgusida «Sharq miniatyurasida O`zbekiston tarixiy shaxslari» loyihasini davom ettirish, O`zbekiston musiqiy merosining «Oltin fondi»ni yaratish, ko`p tilli video-lektoriy tashkil qilish, hujjatli va ilmiy-ommabop filmlarni tayyorlash va taqdim etish, milliy mintaqaviy muzeylar to`plamlarini nashr qilish va boshqa ko`plab ishlarni rejalashtirgan. O`zbekiston me`moriy va arxeologiya yodgorliklari kataloglarini chop etish jahon ilm-fani uchun dolzarb, deb hisoblaymiz va bu borada hukumat yordamidan umidvormiz», deyiladi murojaatda.

VII Xalqaro kongress ishtirokchilari Butunjahon jamiyati loyihalarining qo`llab-quvvatlanayotganligi, madaniyat va tarix sohasidagi oliy darajali tadbirlarning tashkil etilayotganligi uchun minnatdorlik bildirib, Samarqand sayyohlik markazidan hayratda ekanliklarini qayd etganlar.

«Biz jahon ilmiy hamjamiyati uchun nihoyatda muhim bo`lgan forumlar, kongresslar va ko`rgazmalarni o`tkazish uchun keng imkoniyat yaratganingiz uchun Sizga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Shu kunlarda biz Sizning tashabbusingiz bilan yaratilgan betakror Samarqand sayyohlik markazi va ko`hna Samarqandning jozibali «Boqiy shahar» tarixiy-etnografik bog`i bilan katta hayajon ila tanishmoqdamiz», – deya yakunlanadi Kongress ishtirokchilarining murojaati.

Murojaat O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning «O`zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi» VII Xalqaro kongressining yakuniy yig`ilishida ishtirokchilarning umumiy ovoz berishi bilan qabul qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1