AsosiyJamiyat

"Dunyoda kechayotgan iqtisodiy va siyosiy tahlikali vaziyatda O`zbekistonning tanlagan yo`li bitta"

'"Dunyoda kechayotgan iqtisodiy va siyosiy tahlikali vaziyatda O`zbekistonning tanlagan yo`li bitta"'ning rasmi

8-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida bo`lib o`tgan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 16-sammiti nafaqat O`zbekiston, balki tashkilotga a`zo bo`lgan va bo`lmagan davlatlar matbuotida ham keng yoritildi. Birgina shu misol tashkilotning xalqaro doiradagi nufuzi balandligini ko`rsatadi. 

Ma`lumot uchun aytish mumkinki, Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti a`zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo`yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot bo`lib, unga 1985 yilda asos solingan. O`zbekiston tashkilotga 1992 yilda a`zo bo`lgan.

IHTga Markaziy Osiyoning beshta davlatidan tashqari Turkiya, Ozarboyjon, Afg`oniston, Eron va Pokiston ham a`zo. 2022-2023 yillarda O`zbekiston ilk bor mazkur xalqaro tuzilmaga raislik qildi.

Xo`sh, IHT o`zi qanday tashkilot, unga raislik qilish O`zbekistonga nima beradi? Bugun Iqtisodiyot fanlari doktori, professor, O`zbekiston Liberal demokratik partiyasi deputati Nodir Jumaev bilan shular haqida gaplashamiz. 

IHTning O`zbekiston uchun ahamiyati qanday?

– IHT sammiti juda ham muhim bir tadbir. Sababi biz dunyoda bo`layotgan holatlarni ko`ryapmiz, ya`ni dunyoda kechayotgan iqtisodiy va siyosiy tahlikali vaziyatda O`zbekistonning tanlagan yo`li bitta. U ham bo`lsa, O`zbekiston milliy manfaatiga xizmat qiladigan barcha tashkilotlar bilan muloqotda bo`lib, munosabatlarni yanada yaxshilash. Sammitda qariyb 8 mln kvadrat kilometr hududda yarim milliard aholisi bor 10 ta a`zo davlatlarning 9 tasi ishtirok etdi.Tashkilot a`zolarining yalpi ichki mahsulot hajmi umumiy hisobda 2,5 trilion dollarga yaqin. Shu raqamlarning o`zi ham bu tashkilot salohiyati yuqoriligini ko`rsatadi. Agar biz O`zbekistonning tashkilotga a`zo bo`lgan 1992 yildan shu kungacha tahlil qiladigan bo`lsak, juda ko`plab o`zgarishlarni ko`rishimiz mumkin. 

Masalan, so`nggi yillarda O`zbekistonning tashkilotdagi pozisiyasi ancha mustahkamlandi, tashkilot a`zolari bilan aloqalar 2 baravar oshdi. Misol uchun, 2022 yil holatiga ko`ra, O`zbekiston qariyb 12,5 mlrd dollarlik tashqi savdoni bevosita shu tashkilot a`zolari bilan qilgan va bu 2017 yilga qaraganda qariyb 2,5 baravar oshgan. Ko`rinib turibdiki, tashkilot biz uchun juda ham katta bozor va juda ham ko`p imkoniyatlar eshigi. 

Tashkilotning asosiy yo`nalishlari haqida nima deya olasiz?

– Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining yo`nalishlari ko`proq tashqi savdoni rivojlanishi, transport-logistika, infratuzilma sohalarida ko`zga tashlanadi. 

Aytish joizkiy, aynan transport-logistika yo`nalishidagi bir qator muammolarni echimi sifatida Prezidentimiz taklif qilgan bir qancha yo`nalishlar bor. Bular O`zbekiston-Afg`oniston-Pokiston orqali, O`zbekiston-Afg`oniston-Eron orqali, O`zbekiston-Turkmaniston-Eron orqali va mana hozir yangi yo`nalish O`zbekiston-Turkmaniston-Eron va Turkiya orqali logistika yo`nalishini yaxshilash rejalashtirilmoqda. 

Shu o`rinda yana bir savol – tashkilot faoliyatida O`zbekiston qanday tashabbuslar bilan chiqmoqda?

– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2022 yildan beri IHTga nom berish boshlandi va o`sha yil O`zaro bog`liqlikni mustahkamlash yili deb ataldi. Bejizga bu nom tanlanmadi, sababi o`zaro ishonch, o`zaro hamkorlik, o`zaro tinchlik hozirgi kunda eng muhim yo`nalish hisoblanadi. 

Sir emas, O`zbekistonda so`nggi yillarda investision muhit tobora yaxshilanib bormoqda. Buning asosi sifatida Yangi O`zbekistonning yangilangan Konstitusiyasini aytish mumkin. Agar tahlil qiladigan bo`lsak, hozirgi kunda IHTga a`zo davlatlar bilan O`zbekistonda qariyb 4,5 mingdan oshiq qo`shma korxonalar faoliyat yuritayotgani har ikki tomon manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, gumanitar innovasiya, turizm sohalarida juda katta o`zgarishlar bo`ldi. Shahrisabz shahrini IHTning turizm poytaxti deb e`lon qilinishi ham bejizga emas. Birgina shu misol orqali O`zbekistonga nisbatan hurmat, ishonch kuchayotganini ko`rishimiz mumkin.

Bir narsaga alohida e`tibor qaratishimiz kerak. IHT o`z oldiga qo`ygan barcha maqsadlar a`zo davlatlar o`rtasida iqtisodiy, sanoat va investision koperasiyani yaxshilashga qaratilgan.

Turkmanistonda bo`lib o`tgan sammitda aynan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan a`zo davlatlarda sanoatni rivojlantirish, iqtisodiy salohiyatni oshirish bo`yicha Toshkentda sanoat markazini tashkil etish  g`oyasi ilgari surilgan edi. Hozirda mazkur taklif ijrosi yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Yana bir misol, Prezidentimiz ekologiya muammolari bo`yicha oldingi sammitlarda ham, Toshkentdagi sammitda ham bir necha bor to`xtalib o`tdilar. Natijada IHT a`zolari o`rtasida ekologiya bo`yicha ham ko`plab memorandumlar imzolanmoqda. 

O`zbekiston mezbonlik qilgandan keyin tashkilot faoliyatida siljish bo`ladimi?

Albatta tashkilot oldida qilinishi kerak bo`lgan ishlar hali juda ko`p. Toshkentda o`tgan sammitda davlatimiz rahbari bergan takliflar, g`oyalar, tashabbuslar bevosita iqtisodiy salohiyatni oshirishga qaratilgan. Ko`rayapmiz, bugun dunyo davlatlari turli guruhlarga, tashkilotlarga bo`linyapti. Bu davrda IHT nufuzining oshishi barcha uchun manfaatli hisoblanadi.

Karim Zaripov tayyorladi 

    Boshqa yangiliklar