Prezident farmoni natijasida Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (Kompaniya) sifatida qayta tashkil etildi.
Natijada Kompaniya tomonidan biznesni qo`llab-quvvatlash bo`yicha yangi instrumentlar joriy etilmoqda va amaldagi yordam turlari kengaytirilmoqda.
Jumladan, Kompaniya endilikda 10 mlrd so`mgacha ko`chmas mulk va asbob-uskunalarni sotib olish va ularni 7 yilgacha muddatga 18 foiz stavkada yoki bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan berishni nazarda tutuvchi xizmatlar ipotekasini taqdim etishi mumkin.
Bu nima degani?
Masalan, Buxoro viloyatida bir o`rta tadbirkor xususiy maktab ochmoqchi. Buning uchun 10 mlrd so`mgacha bo`lgan bino sotib olishi kerak. Ammo hozir bino xarid qilishga etarli mablag`i yo`q. Xo`sh, tadbirkor nima qiladi? Aytaylik, shu paytgacha u bankdan kredit olishi mumkin edi. Ammo Prezident farmoni natijasida tadbirkor oldida yana bitta qulay imkoniyat paydo bo`ldi. Endi Kompaniyaga murojaat qilsa ham bo`ladi.
Kompaniya va bank orasida tadbirkor uchun qanday farq bor?
Birinchidan, Kompaniya 10 mlrd so`mgacha bo`lgan mablag`ni 18 foiz stavkada yoki bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan beradi. Banklarda esa foiz stavkasi sezilarli darajada baland.
Ikkinchidan, Kompaniya tadbirkordan garov ta`minoti so`ramaydi. O`sha bino yoki asbob-uskunaning o`zi garovga o`tadi. Banklar esa garov so`raydi.
Uchinchidan, Kompaniya orqali xizmatlar ipotekasini olish qisqa muddatlarda, ortiqcha byurokratiyasiz amalga oshadi.
To`rtinchidan va asosiysi, Kompaniya tadbirkorlar bilan hamkor sifatida faoliyat yuritadi.