AsosiyJamiyat

Jazeera Airways Farg`onadan Quvaytga yangi aviaqatnovni yo`lga qo`yadi

'Jazeera Airways Farg`onadan Quvaytga yangi aviaqatnovni yo`lga qo`yadi'ning rasmi

Farg`ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Jazeera Airways aviakompaniyasining O`zbekiston va Tojikiston bo`yicha direktori Ildar Abubekirovni qabul qildi, deya xabar qilmoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati. 

Uchrashuvda Jazeera Airways tomonidan yo`lga qo`yilayotgan Quvayt-Farg`ona-Quvayt yo`nalishidagi aviaqatnov bilan bog`liq masalalar, shuningdek, Farg`ona xalqaro aeroportidan ushbu aviakompaniya bilan birgalikda Misr, Turkiya va qator Evropa mamlakatlariga aviaqatnovlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Hozirgi kunda O`zbekistonning uchta shahridan Jazeera Airways tomonidan Quvaytga amalga oshirilayotgan aviaqatnovlarda Farg`ona viloyatida yashovchi yo`lovchilar salmoqli hissaga ega ekanini qayd etgan Ildar Abubekirov, aviakompaniya bundan kelib chiqqan holda dekabr oyidan boshlab Quvayt-Farg`ona-Quvayt yo`nalishida muntazam qatnovlarni yo`lga qo`yishga qaror qilganini ma`lum qildi. 168 o`ringa mo`ljallangan Airbus A320neo samolyotlarida dastlabki bosqichda haftasiga 3 ta aviareys tashkil etilsa, kelgusi oylardan boshlab kunlik aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Muloqot davomida shuningdek, Farg`onadan Misr, Turkiya va qator Evropa mamlakatlariga aviaqatnovlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. 

Ma`lumot uchun: 2004 yilda tashkil etilgan Jazeera Airways Quvaytning ikkinchi milliy aviakompaniyasi bo`lib, shtab-kvartirasi Quvayt xalqaro aeroportda joylashgan va arzon narxlardagi havo sayohatlariga ixtisoslashgan. Aviakompaniya floti hozirgi kunda 21 ta Airbus samolyotlarini o`z ichiga olib, dunyoning 34 ta mamlakatiga 60 dan ortiq yo`nalishlarda muntazam parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar