Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi O`zbekistonda raqamli inklyuzivlik loyihasini amalga oshirish uchun $50 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma`qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Spot"ga ma`lum qildi.
Loyiha hukumatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qishloq va chekka hududlardagi minglab yoshlarning raqamli ko`nikmalarga o`qitish va axborot texnologiyalariga asoslangan xizmatlar ((ITES) sohasida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish bo`yicha sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlaydi.
“Jahon banki tomonidan qo`llab-quvvatlanoyatgan yangi loyiha O`zbekistonga ITES xizmatlari sohasidan iqtisodiy o`sish, yangi ish o`rinlari yaratish va xorijiy investisiyalarni jalb qilish maqsadlarida foydalanishga yordam beradi”, deya ta`kidlaydi Jahon bankining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Mamlakatning qishloq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo`lgan minglab yoshlarni o`qitish maqsadini ko`zlagan ushbu loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “IT Park” tomonidan amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida ushbu tayyorlov kurslaridan o`tgan shaxslarni ishga oladigan ITES kompaniyalari uchun turli xil rag`batlar taqdim etiladi.
2029 yilda loyiha yakuniga kelib O`zbekiston ITES xizmatlari sohasida 25 ming kishi ish bilan ta`minlanishi va 15 ming kishi turdosh sohalarda ish topish imkoniyatiga ega bo`lishi prognoz qilinmoqda.