Bugun jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudida Olimjon Haydarov (1989 yilda Rossiya Federasiyasida tug`ilgan, bloger, “Turon mujdasi” va “Turon valley media” MChJlari direktori, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e`lon qilindi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudining raisi A. Ergashev e`lon qilgan hukmga ko`ra:
O. Haydarovning ayblovidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi chiqarilib, O. Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo`shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi.
Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi O. Haydarovga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so`ng o`chirilishi (bloklanishi)ni ta`minlash yuklatildi.
Jabrlanuvchi S. M. ga jinoyat oqibatida etkazilgan moddiy zarar undirish bo`yicha tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmaganligi sababli, moddiy va ma`naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo`yicha sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.
Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar jinoyat-prosessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatda Farg`ona viloyat sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjudligi ma`lum qilinadi.






