Ichki ishlar vazirligi tomonidan kiritilgan va Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchinchi o`qishda qabul qilingan qonun loyihasidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini obro`sizlantirish yoki xaqorat qilish maqsadida foto va video tasvirlarni Internet axborot tarmog`ida joylashtirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima yoki 15 sutka ma`muriy qamoq bilan jazolanishga oid norma jamoatchilik orasida keng muhokamaga va e`tirozlarga sabab bo`lmoqda.
Jamoatchilik tomonidan ushbu normaning kiritilishi bugungi ochiqlik siyosatiga zid kelishi hamda mamlakatda inson huquqlari bilan bog`liq holatga putur etkazishi mumkinligi ta`kidlanmoqda.
“Yuksalish” harakati mazkur e`tirozlarni quyidagi sabablarga ko`ra asosli deb hisoblamoqda.
Ma`lum qilinishicha, qonunchilikdagi har bir o`zgarish, ayniqsa, demokratiyaning asosiy belgilari bo`lmish inson huquqlari va davlat organlarining ochiqligi va shaffofligiga oid siyosatga jiddiy ta`sir ko`rsatuvchi yangi qoidani kiritish ma`lum bir asoslarga ega bo`lish kerak.
"Ya`ni bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning xodimlarini internet tarmog`ida asossiz obro`sizlantirish va haqoratlash holatlari juda ko`payib ketdimi? Agar ko`paygan bo`lsa aniq raqamlar qancha? Sababi nimada va bu kabi holatlar tizimning sog`lom ishlashi uchun nechog`lik jiddiy ta`sir ko`rsatmoqda? Albatta, bu savollarga javob berilishi lozim", deyiladi.
Ikkinchidan, ushbu normani asoslash uchun fuqarolik kodeksining 99-moddasi va “Shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risida”gi Qonunning 4 va 28-moddalari asos sifatida keltirilgan.
Biroq, bu boradagi huquqbuzarliklar uchun, allaqachon, qonunchilikda ta`sir choralari belgilangan. Ya`ni, shaxsni haqorat qilganlik uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlik bor, bundan tashqari, Ma`muriy Javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 2022-moddasiga ko`ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro`sizlantirilishiga olib keladigan yolg`on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog`ida tarqatish,
— bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg`on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog`ida tarqatish,
— bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Shunday ekan, huquq tartibot organlari xodimlariga qaratilgan alohida norma nima uchun kerak? Bugun davlat boshqaruvida inson huquq va manfaatlari markaziy o`ringa qo`yilmoqda. Mazkur g`oya yangilangan Konstitusiyaning bosh mezoni sifatida “inson-jamiyat-davlat” tamoyili ko`rinishida aks etgan. Buning teskari bo`lishi mumkin emas.
Uchinchidan, mazkur normani tatbiq etishda Buyukbritaniya, Vengriya, Germaniya, Fransiya va Belarus kabi mamlakatlar tajribasi o`rganilgan. Ammo, ushbu mamlakatlarda bu kabi normalar aynan qanday holatlar uchun qo`llanilishi, ulardagi ijtimoiy-siyosiy muammolarning xarakterini chuqur tahlil qilish taqozo etiladi.
Sanab o`tilgan va boshqa rivojlangan demokratik mamlakatlarda haqiqatan bu kabi cheklovlar bor, ammo ushbu mamlakatlarda har bir fuqaroning nizoli holatlarda polisiya xodimining bodi-kamerasidagi yozuvlarni olish huquqi kafolatlangan.
To`rtinchidan, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi” to`g`risidagi Qonunga ko`ra, oshkoralik va shaffoflik hamda davlat idoralari faoliyati to`g`risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi davlat organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari sifatida belgilab qo`yilgan.
Yangi norma bilan kiritilayotgan yangi javobgarlikning belgilanishi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xizmati bilan bog`liq faoliyatini tasvirga olish mumkin emas degan qoidani keltirib chiqarmasligi lozim.
Beshinchidan, aksincha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining nojo`ya harakatlari aks etgan tasvirlar Internetda tarqalgan hollarda, rahbarlar o`z e`tiborini tizimni takomillashtirib borishga qaratishi kerak. Bu huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatining xalqchilligi va professionalligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini obro`sizlantirish yoki xaqorat qilish maqsadida foto va video tasvirlarni Internet axborot tarmog`ida joylashtirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima yoki 15 sutka ma`muriy qamoq bilan jazolanishga oid norma






