O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Dubay shahriga tashrifi davomida 2 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuvda Amirliklar tomonidan Vise-prezident Shayx Mansur Ol Nahayon, Bosh vazir o`rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf Ol Nahayon, energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy, sanoat va ilg`or texnologiyalar vaziri, COP28 sammiti prezidenti Sulton Ahmad al-Jobir ham qatnashdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Amirliklar etakchisi va do`st xalqini Milliy bayrami bilan samimiy tabrikladi hamda iqlim o`zgarishi bo`yicha global sammit muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan qutladi.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi. O`zbekiston bilan BAA o`rtasidagi ko`p qirrali aloqalar barqaror va jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi, qo`shma korxonalar va to`g`ridan-to`g`ri aviaqatnovlar soni ko`paymoqda. Ikki mamlakat etakchi kompaniyalari ishtirokidagi qo`shma loyihalar portfeli 4 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Faol muloqotni davom ettirish va bo`lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko`rish muhim ekani ta`kidlandi.
Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va uni keng ko`lamli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishdan manfaatdorlik bildirildi.