O`zbekistonda tashlanmalar Milliy reestri yaratiladi. Bu haqida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, BMTning iqlim o`zgarishi bo`yicha 28-konferensiyasi (COP-28) doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Industrial Innovation Group bosh direktori Taram Matar Taram o`zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat Milliy uglerodli kredit tizimini yaratish doirasidagi hamkorlikka qaratilgan.
Memorandum O`zbekistonning tashlanmalarni kamaytirish bo`yicha milliy strategiyasiga muvofiq tuzilgan. Bunga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi atmosferaga chiqarilayotgan gazlarni hisobga olish bo`yicha Milliy reestrni yaratish tashabbusi bilan chiqqandi.
Uchrashuvda Aziz Abduhakimov reestrning yaratilishi iqlim o`zgarishi muammosini hal etishda samarali yondashuv ekanligini, mavjud tashlanmalarni tartibga solish va kamaytirish bo`yicha loyihalarni rag`batlantirish tizimlarini integrasiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi.
O`z navbatida Matar Taryam mazkur reestrni yaratishga hissa qo`shish tashkilot uchun katta sharaf ekanligini qayd etdi. U ushbu hamkorlikning yo`lga qo`yilgani O`zbekistonning barqaror rivojlanish va ekologik xavflarni kamaytirishga intilishidan dalolat berishini, bu esa bugungi kundagi global iqlim muammolari sharoitida, ayniqsa, muhim ekanini aytdi.
O`zbekistonning birgalikdagi tashlanmalar inventarizasiyasi mamlakatning ekologik izlarini to`g`ri baholash va uglerodni nazorat qilish tashabbuslari asosini ishlab chiqish uchun ishonchli yondashuv hisoblanadi. Reestr tashlanmalarni muntazam ravishda kuzatib borish va uglerod xavfini kamaytirish loyihalarini aniq baholashi mumkin bo`lgan keng qamrovli platforma bo`lib xizmat qiladigan muhim havolani yaratadi.
Industrial Innovation Group — bosh qarorgohi BAAda joylashgan transmilliy kompaniyalar guruhi. U murakkab, yuqori texnologiyali tizimlarni yaratish, yirik sanoat va innovasion majmualarni loyihalash va qurish bo`yicha 30 yillik katta tajribaga ega. Tashkilot turli biznes tarmoqlari uchun barqaror yo`llarni ishlab chiqadi, uglerod xavfini kamaytirish tashabbuslarini konseptuallashtiradi, turli uglerod kredit registrlari uchun dizayn hujjatlarini yaratadi, shuningdek, bioko`mir — Hemporama Biocharning global ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.






