AsosiyJamiyat

O`zbekistonda tashlanmalar Milliy reystri yaratiladi

'O`zbekistonda tashlanmalar Milliy reystri yaratiladi'ning rasmi

BMTning iqlim o`zgarishi bo`yicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va "Industrial Innovation Group" bosh direktori Taryam Matar Taryam o`zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Ma`lum qilinishicha, hujjat Milliy uglerodli kredit tizimini yaratish doirasidagi hamkorlikka qaratilgan.

Ma`lumot uchun: Industrial Innovation Group – bosh qarorgohi BAAda joylashgan transmilliy kompaniyalar guruhi. U murakkab, yuqori texnologiyali tizimlarni yaratish, yirik sanoat va innovasion majmualarni loyihalash va qurish bo`yicha 30 yillik katta tajribaga ega. Tashkilot turli biznes tarmoqlari uchun barqaror yo`llarni ishlab chiqadi, uglerod xavfini kamaytirish tashabbuslarini konseptuallashtiradi, turli uglerod kredit registrlari uchun dizayn hujjatlarini yaratadi, shuningdek, bioko`mir - "Hemporama Biochar”ning global ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Memorandum O`zbekistonning tashlanmalarni kamaytirish bo`yicha milliy strategiyasiga muvofiq tuzilgan. Bunga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi atmosferaga chiqarilayotgan gazlarni hisobga olish bo`yicha Milliy reestrni yaratish tashabbusi bilan chiqqandi.

Uchrashuvda Aziz Abduhakimov reestrning yaratilishi iqlim o`zgarishi muammosini hal etishda samarali yondashuv ekanligini, mavjud tashlanmalarni tartibga solish  va kamaytirish bo`yicha loyihalarni rag`batlantirish tizimlarini integrasiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi.

O`z navbatida Matar Taryam mazkur reestrni yaratishga hissa qo`shish tashkilot uchun katta sharaf ekanligini qayd etdi. U ushbu hamkorlikning yo`lga qo`yilgani O`zbekistonning barqaror rivojlanish va ekologik xavflarni kamaytirishga intilishidan dalolat berishini, bu esa bugungi kundagi global iqlim muammolari sharoitida, ayniqsa, muhim ekanini ta`kidladi.

Shuningdek, kompaniya vise-prezidenti Anna Chekanova reestrning muhimligini qayd etdi.

“Dunyo iqlim inqirozini yumshatish va tashlanmalarni kamaytirish texnologiyalarini ishlab chiqishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Bugun barcha bilim va innovasiyalarni amaliyotga tatbiq etishning ayni vaqti. Reestr iqlim ekotizimining barcha ishtirokchilarini birlashtirgan yagona platforma bo`lib, belgilangan ekologik maqsadlarga samarali va amaliy erishishga xizmat qiladi”, — dedi A.Chekanova.

O`zbekistonning birgalikdagi tashlanmalar inventarizasiyasi mamlakatning ekologik izlarini to`g`ri baholash va uglerodni nazorat qilish tashabbuslari asosini ishlab chiqish uchun ishonchli yondashuv hisoblanadi. Reestr tashlanmalarni muntazam ravishda kuzatib borish va uglerod xavfini kamaytirish loyihalarini aniq baholashi mumkin bo`lgan keng qamrovli platforma bo`lib xizmat qiladigan muhim havolani yaratadi.

    Boshqa yangiliklar