Biroz avval, Belarus Respublikasi hukumati delegasiyasi O`zbekistonga tashrif buyurishi haqida xabar bergan edik.
Samarqandda O`zbekiston-Belarus biznes-forumi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston va Belarus ishbilarmon doiralarining ikki yuzdan ortiq vakillari ishtirok etgan ushbu forumda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko so`zga chiqdi.
Ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «O`zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida barqaror iqtisodiy o`sish orqali daromadi o`rtachadan yuqori bo`lgan davlatlar qatoridan o`rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to`liq javob beradigan ta`lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta`minlash, mamlakat iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoya jalb etish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda sanoat, energetika, transport, qurilish, qishloq xo`jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo`shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratilgan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning siyosiy irodasi tufayli deyarli barcha yo`nalishlarda o`zaro hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarildi.
O`zaro tovar ayirboshlash ko`rsatkichlari jadal o`sib borayotgani, joriy yilning o`n oyi yakunlariga ko`ra, o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 500 million dollardan oshgani qayd etildi.
Biznes-forumda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperasiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish davom etayotgani, madaniyat, ta`lim, sog`liqni saqlash, kinematografiya, sport sohalaridagi aloqalar mustahkamlanayotgani, shunga qaramay hali foydalanilmagan sezilarli hamkorlik salohiyati mavjudligiga e`tibor qaratildi.
Bunda qo`shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni izchil rivojlantirishning harakatlantiruvchi kuchi bo`lishi bildirildi.
Mashinasozlik, farmasevtika, qishloq xo`jaligi, kimyo, elektrotexnika va boshqa sohalardagi sanoat kooperasiyasini yanada kengaytirish, IT texnologiyalari sohasida hamkorlikni davom ettirish muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.