Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati katta konsultanti fuqarodan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo`lga olindi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Aniqlanishicha, u muqaddam sudlangan 2 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoiy ishlar bo`yicha sudlov hay`atida kassasiya tartibida ko`rilayotgan jinoyat ishini Farg`ona viloyat sudiga o`tkazgan holda, ularning oqlanishiga yordam berishni va`da qilgan.
Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar bo`yicha sudlov hay`atining sudya katta yordamchisi mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, uning appelyasiya bosqichida ko`rilayotgan da`vo arizalarini sudyalar orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 6 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, sudya katta yordamchisi muqaddam tadbirkorning Termiz tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da`vo arizasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilib, 600 AQSh dollari olganligi ham ma`lum bo`ldi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






