AsosiyJamiyat

Soliq qo`mitasi Yandeks taksi bo`yicha munosabat berdi

'Soliq qo`mitasi Yandeks taksi bo`yicha munosabat berdi'ning rasmi

Soliq organlari tomonidan soliq bazasini kengaytirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo`yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Ushbu chora-tadbirlardan biri taksi va yo`lovchi tashish bozorini tartibga solishdir. Bu haqda Soliq qo`mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 1 dekabridan boshlab Yadex Go xizmati O`zbekistonda o`z faoliyatini mahalliylashtirib, soliq rezidentiga aylandi. Shu bilan birga, mazkur servis Soliq axborot tizimlari bilan integrasiya qilinishi natijasida har bir tashish xizmati uchun fiskal chek shakllantirish imkoniyati yaratildi. 

O`tgan kunlar davomida (1 – 6-dekabr) 13,5 mlrd so`mlik 800 483 ta chek shakllantirildi. 

O`z navbatida, mazkur sohada bir qator echimini topishi lozim bo`lgan masalalar saqlanib qolmoqda:

- birinchidan, taksi xizmati (Yandex Go va boshqalar) uchun naqd pul orqali to`lov qilinganda chek berilishi yo`lga qo`yilmagan.

Bu borada amaliyotga tatbiq etish uchun  bir nechta echimlar ishlab chiqildi va bozor ishtirokchilariga taklif qilindi, yaqin kunlarda naqd pul orqali to`lov qilinganida ham chek berilishi ta`minlanadi; 

- ikkinchidan, qolgan agregatorlarda, xususan – MyTaxi, Uklon va boshqalarda fiskal chek bugungi kungacha shakllantirilmayapti.
Ushbu agregatorlar bilan texnik integrasiyalash ishlari yakunlangan va yaqin kunlarda yo`lovchilar ushbu xizmatlardan foydalanganda fiskal cheklarni olishni boshlashi kutilmoqda.

Bundan tashqari, respublikaning barcha hududlarida agregatorlar va taksi xizmatlarini fiskallashtirish ko`zda tutilgan; 

- uchinchidan, bugungi kunga qadar shakllantirilgan 13,5 mlrd so`mlik 800 483 ta cheklarning 13,4 mlrd so`mlik 791 100 tasi 232 ta yuridik shaxslar  (Yndex Go hamkorlari va taksi kompaniyalari), 163,9 mln so`mlik 9 383 tasi esa 1 821 nafar o`zini o`zi band qilgan shaxslar hissasiga to`g`ri keladi. 

Bunda, tashish xizmati o`zini o`zi band qilgan haydovchi tomonidan ko`rsatilgan bo`lsada, tashishning barcha summasi taksopark (hamkor) aylanmasida aks etish holatlari Soliq qo`mitasi tomonidan kuzatilmoqda. 

Mazkur yo`nalishda taksoparklar va o`zini o`zi band qilgan haydovchilar o`rtasida soliq to`lovchining shaxsiy kabinetida komissioner va komitentni to`g`ri belgilash bo`yicha tushuntirish ishlari agregatorlar bilan birgalikda olib borilmoqda.

Shuningdek, ushbu sohada o`zini o`zi band qilgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur funksiyani Soliq mobil ilovasiga qo`shish orqali soddalashtirish bo`yicha ishlar olib borilmoqda. 
Ma`lumot uchun: yuridik shaxslar o`zlarining shaxsiy kabinetida fiskal cheklarni tahrirlash mexanizmidan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, Soliq kodeksining 369-moddasi 9-bandiga muvofiq, o`zini o`zi band qilgan shaxslar barcha turdagi soliqlardan ozod qilingan.

Taksi faoliyatidan rasmiy daromad shakllantirish imkoniyatining paydo bo`lganligi o`zini o`zi band qilgan shaxslar uchun alohida bir qator afzalliklarni keltirib chiqaradi. Jumladan, daromad to`g`risidagi ma`lumotlar keyinchalik ularga boshqa iqtisodiy harakatlarda (ipoteka, iste`mol kreditlari, tovarlarni bo`lib-bo`lib to`lash va hokazo) imkoniyatlarini kengaytiradi.  Bu o`z navbatida aholining iqtisodiy faolligi oshishiga xizmat qiladi.

Soliq qo`mitasi taksi xizmatini ko`rsatishda agregatorlar va ularning hamkorlari biznes jarayonlarini monitoring qilib bormoqda va aniq echimlarni taklif etadi. 

Shu bilan birga yo`lovchi tashish bozorida, turli baholashlarga asosan 500 mingdan 1 mln nafargacha fuqaro to`liq yoki qisman bandligini, shuningdek, taksilarning kundalik logistika va harakatlanishdagi ahamiyati katta ekanini hisobga olib, mazkur sohadagi munosabatlarni avtomatlashtirish va fiskallashtirish jarayonini bosqichma-bosqich va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish zarur, deb hisoblaymiz.

Bunda, soliq qonunchiligiga rioya etilishi, soliqlarning to`g`ri hisoblanishi va o`z vaqtida to`lanishi ustidan nazorat hamda O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga soliqlarning to`liq tushishini ta`minlash soliq organlarining asosiy vazifalari bo`lib qoladi.

    Boshqa yangiliklar