Yangi yil bayrami oldi narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura nazoratida bo`ladi. Bu haqida kecha prezident raisligida o`tkazilgan yig`ilishda aytildi.
Ma`lum qilinishicha, Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi.
Madaniy tadbirlar yuqori darajada o`tkazilishi, ko`ngilochar dasturlar va xizmatlarni ko`paytirilishi qayd etildi. Shuningdek, bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.
Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini ta`minlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat ko`rsatish muhimligi ta`kidlandi. Bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yo`llarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham to`xtalib o`tildi.






