O`zbekiston Prezidentining "Qishloq xo`jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida"gi farmoni e`lon qilindi.
Unga ko`ra, 2024 yil hosilidan boshlab:
- paxta xomashyosini etishtiruvchi xo`jaliklar va klasterlar o`rtasida paxta xomashyosini etkazib berish bo`yicha fyuchers shartnomalari tuproq hosildorligi normativlari doirasida O`zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining “paxta xomashyosi seksiyasi”da har bir hudud bo`yicha alohida o`tkaziladigan savdolar natijalariga ko`ra tuziladi;
- fyuchers shartnomasiga muvofiq etkazib berilishi lozim bo`lgan hajmdan ortiqcha etishtirilgan, shuningdek, klaster bilan fyuchers shartnomasi tuzmagan holda, o`z mablag`lari, shu jumladan jalb qilingan mablag`lari va tijorat kreditlari hisobiga etishtirilgan paxta xomashyosi etishtiruvchilar tomonidan birja orqali tadbirkorlik sub`ektlariga sotiladi yoki qayta ishlanadi. Bunda, fyuchers shartnomasi bo`yicha ortiqcha etishtirilgan paxta xomashyosi fyuchers shartnomasi tuzilgan klasterga to`g`ridan-to`g`ri sotilishi mumkin;
- paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlar (chigit, lint va o`lik paxta) to`liq hajmda birja orqali sotiladi.
Yangi farmonga ko`ra, fermer o`zi etishtiradigan paxtaning miqdorini birjaga joylashtiradi hamda balandroq narx taklif etgan viloyat ichidagi klaster ushbu fermer bilan fyuchers shartnomasini tuzadi. Boshlang`ich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi o`rtacha narxi asosida belgilanadi.






