Qozog`istonning Qarag`andi viloyatidagi trassada avtobusda sovuqda qolib ketgan 20 nafar o`zbekistonlikka yordam berildi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, janubiy hududdan yakshaba kuni Astana shahriga yo`lga chiqqan avtobus yo`l to`sib qo`yilgani sababli to`xtab qolgan. Balqashda qattiq sovuq tufayli bir kun to`xtashga majbur bo`lgan. Yo`lovchilar butun vaqtni avtobusda o`tkazgan. Seshanba kuni harakatni davom ettirgan, lekin qattiq sovuq tufayli yana Temirtaudan tashqarida to`xtagan.
Fuqarolar eng yaqin aholi punktiga etib borishda yordam so`rab polisiyaga murojaat qilgan. Yonilg`i zahirasi va o`zlari bilan olib kelgan pullari ham tugab qolgan. Bundan tashqari, qandli diabetga chalingan ayolning dori-darmoni tugab qolib, yordam ko`rsatish zarurati yuzaga kelgan.
O`zbekiston fuqarolari bo`lgan avtobus xizmat mashinalari hamrohligida Osakarovka qishlog`iga etib borgan. U erda odamlar madaniyat markaziga joylashtirilib, uxlash joylari va issiq ovqat bilan ta`minlangan.






