AsosiyJamiyat

Toshkentda IUCN vakolatxonasini ochish jarayoni boshlandi

'Toshkentda IUCN vakolatxonasini ochish jarayoni boshlandi'ning rasmi

Dubayda bo`lib o`tayotgan BMTning iqlim o`zgarishi bo`yicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Bosh direktori Dr. Gretel Aguilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv "O`zbekiston" pavilyonida bo`lib o`tdi. Vazir doktor G. Agilarni bosh direktor lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi va IUCN bilan yaqin va amaliy hamkorlikni davom ettirishga, shuningdek, O`zbekistonda qo`shma ekologik loyihalarni amalga oshirishga umid bildirdi.

Ma`lumot uchun, Doktor G. Agilar bu lavozimni 2023-yil 20 oktyabrda egallagan. Unga qadar, 2020-2023 yillarda Doktor Bruno Oberle direktorlik qilgan.

Uchrashuvda bugungi kunda umumiy qiymati 22 million dollardan ortiq bo`lgan qo`shma grant loyihalarini amalga oshirish bo`yicha hamkorlikda ish boshlangani, shundan 2 tasi milliy va 1 tasi hududiy loyiha ekanligi ta`kidlandi. Loyihalar atrof-muhitni muhofaza qilish, erlarni tiklash, O`zbekistonning qimmatli landshaftlari ekotizimlarini yaxshilash va iqlim o`zgarishi sharoitida barqarorlikni ta`minlash, shuningdek, insoniy va institusional salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan.

“Biz O`zbekiston hukumatiga Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz. O`zbekiston boy bioxilma-xillik va madaniy merosga ega bo`lganligi sababli dunyoning juda muhim qismidir. Shunday ekan, bunday davlat bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf, - dedi doktor Gretel Agilar. - Shuningdek, yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlash to`g`risidagi konvensiyada (CMS COP14) ishtirok etishni intiqlik bilan kutamiz. IUCN butun dunyo bo`ylab hayvonlarni himoya qilish, xususan, yo`qolib ketish xavfi ostida turgan turlarning Qizil ro`yxati va muhofaza qilinadigan hududlarni saqlash borasida juda ko`p ishlarni amalga oshiradi. Eng muhimi, biz IUCN ning O`zbekistondagi Markaziy Osiyo bo`yicha vakolatxonasi ochilish kunini bu quvonchli lahzalarni o`zbek xalqi bilan baham ko`rish uchun intiqlik bilan kutmoqdamiz. Shu bois ushbu tadbir biz uchun juda muhim va O`zbekiston hukumatiga bizni qo`llab-quvvatlab, nafaqat O`zbekiston, balki butun dunyoda tabiatni muhofaza qilish bo`yicha hamkorga aylangani uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz”.

Bundan tashqari, uchrashuvda tabiatni muhofaza qilish va boshqarish rejalarini ishlab chiqishda hamkorlik qilish, IUCN metodologiyasiga muvofiq yangilangan O`zbekistonning yangi Qizil kitobini nashr etish, tashkilot mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish, Bonndagi Atrof-muhit huquqi markazi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda boshqaruvni takomillashtirish bo`yicha hamkorlik masalalariga e`tibor qaratildi.

Qolaversa, Markaziy Osiyoda birinchi IUCN vakolatxonasini ochish masalasi ham muhokama qilindi.

“Bu o`zaro hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. Kelajakda bu idora MDH mamlakatlari uchun Markaziy Osiyoda markaz bo`lib xizmat qilishi mumkin, chunki vakolatxona Markaziy Osiyo davlatlari, hamkorlar va ekspertlar hamjamiyatlari bilan yaqinroq aloqa o`rnatish imkonini beradi”, — deya qo`shimcha qildi vazir.

IUCNning Toshkentdagi vakolatxonasining ochilish marosimi kelgusi yilning fevral oyida bo`lib o`tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlash bo`yicha konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari tomonlar konferensiyasining 14-yig`ilishi doirasida o`tkazilishi rejalashtirilgan. COR14 davomida IUCN pavilyoni, qo`shma tadbirlar va ko`rgazmalar ham tashkil etiladi.

IUCN kelgusi yilda muhim ekologik konferensiyalar, jumladan, Abu Dabida 2024-yil 9-15-oktyabr kunlari Butunjahon tabiatni muhofaza qilish kongressi (WWC), Bryugge (Belgiya)da esa 2024-yil 30sentyabrdan 10-oktyabrgacha Evropa, Shimoliy va Markaziy Osiyo uchun tabiatni muhofaza qilish bo`yicha mintaqaviy forum  bo`lib o`tishi ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar