Surxondaryoda Eldor Shomurodov futbol akademiyasi ochiladi. Bu haqda Surxondaryo viloyat hokimligi xabar berdi.
Viloyatimizning chekka va olis qishloqlaridagi iqtidorli yoshlarni aniqlash, futbol orqali ularning individual qobiliyatlarini ro`yobga chiqarish maqsadida surxondaryolik taniqli sportchi Eldor Shomurodov futbol akademiyasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bugun viloyat hokimi Ulug`bek Qosimov Termiz tumanida joylashgan Futbol akademiyasi negizida Eldor Shomurodov futbol akademiyasini qurish bo`yicha ishlab chiqilgan loyiha bilan tanishdi, deyiladi xabarda.
Ma`lumotlarga qaraganda qurilish ishlari 2024 yil yanvar oyidan boshlanishi rejalashtirilgan bo`lib, 154 o`rinli akademiya loyihasida yopiq va ochiq stadionlar, yotoqxona, oshxona hamda boshqa yordamchi binolar bo`lishi ko`zda tutilgan.
Ma`lumot uchun, ayni dam Italiyaning "Kalyari" klubida to`p surayotgan 28 yoshli Eldor Shomurodov Surxondaryo viloyatining Jarqo`rg`on tumanida tug`ilgan. U futbolga ilk katta qadamlarini Qashqadaryoning "Mash`al" klubida tashlagan.
14.12.2023 17:00
Surxondaryoda Eldor Shomurodov futbol akademiyasi ochiladi






