Namangan viloyatida 98 ta jarimani to`lamay yurgan haydovchining Trekeri jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Bu haqda MIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan yo`l harakati qoidalarini buzish bilan bog`liq jarimalarini to`lamayotgan haydovchilarga nisbatan tegishli choralar ko`rilmoqda. Xususan, kuni kecha o`tkazilgan tadbirda 98 ta jarimasi bor Tracker avtomobili vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Ma`lum bo`lishicha, mazkur avtotransport haydovchisi jarimalarni 60 kun ichida to`lamagan, shundan so`ng hujjatlar Majburiy ijro byurosi Namangan shahar bo`limi ish yurituviga kelib tushgan.
Davlat ijrochisi tomonidan haydovchiga qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirilgan, ya`ni uyali raqamlariga SMS yuborilgan. Bir necha marotaba gaplashilgan ham. Lekin haydovchi qarzdorlikni to`lash o`rniga mashinasini haydab yurgan. Toshkent shahrida to`xtatilib, maxsus planshet orqali ko`rilganda jarima to`lanmagani ma`lum bo`ldi.
Ma`lum qilinishicha, umumiy qarzdorligi 36,3 million so`mni tashkil qilgan Tracker vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.






