AsosiyJamiyat

Prezident avtomobilsozlikni rivojlantirish bo`yicha takliflarni ko`rib chiqdi

'Prezident avtomobilsozlikni rivojlantirish bo`yicha takliflarni ko`rib chiqdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 14 dekabr kuni avtomobilsozlik va qishloq xo`jaligi mashinasozligini rivojlantirish bo`yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida bu sanoat tarmoqlari izchil modernizasiya qilinmoqda. Logistikadagi qiyinchiliklarga qaramasdan, so`nggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish 3 barobar ko`payib, joriy yil yakunida 415 ming donaga etishi kutilmoqda. Sohada davlat monopoliyasini yo`q qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 3 ta yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi. Bugun yurtimizdagi 8 ta zavodda o`nlab turdagi avtomobillar, yuk va yo`lovchi tashish transportlari, qishloq xo`jaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, bu sohada 2 mingdan ziyod korxona yaxlit kooperasiya tarmog`iga bog`landi va 50 foiz mahalliylashtirish ta`minlandi.

Shu bilan birga, bozorda talab hali ham yuqori. Ham tashqi, ham ichki bozorda avtozavodlar o`rtasida raqobat kuchaymoqda. Endi “O`zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati ham mahsulotlar modelini kengaytirib, sifatini yaxshilash, tannarxni kamaytirib, raqobat muhitida ishlashga o`tishi zarur.

Taqdimotda shu boradagi chora-tadbirlar, tarmoq oldidagi vazifalar muhokama qilindi. 

Xususan, mamlakatimizda engil avtomobil ishlab chiqarishni 2030 yilgacha 1 million donaga etkazish maqsad qilingan. Yig`ilishda bu borada 2024 yilda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi. 

Davlatimiz rahbari “O`zavtosanoat”ni transformasiya qilishni jadallashtirish, xarajatlarni kamaytirish lozimligini ta`kidladi.

Ma`lumki, bugungi kunda jahondagi etakchi avtozavodlar elektromobil ishlab chiqarishga o`tmoqda. Mamlakatimiz sanoatchilari ham tezroq bu yo`nalishni o`zlashtirib, zamon talabiga moslashmasa, kelgusida bozorda o`rin topishi yanada qiyin bo`ladi.

Bu borada ilk loyihalar boshlangan. Kelgusi yilda shunday zavod ishga tushirilib, 10 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi ko`zda tutilgan.

Prezidentimiz bu yo`nalishga alohida e`tibor qaratish muhimligini ta`kidlab, tarmoq korxonalarida elektromobillar uchun butlovchi qismlar tayyorlashni yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatma berdi.

Qishloq xo`jaligi mashinasozligi tarmog`ida bu yil 3 ming 500 donadan ortiq texnika ishlab chiqarilgan. 2030 yilgacha bu miqdorni yiliga 16 ming donaga etkazish mo`ljallangan.

Bu yil Chirchiqda qishloq xo`jaligi mashinasozligi klasteri tashkil etildi. U yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin, ularni sotish tizimi zamon talablariga mos kelmayapti.

Shu bois mahalliy texnika xaridini qo`llab-quvvatlashni kengaytirish, klaster va fermerlarni jalb etib, bu borada buyurtmalar shakllantirish zarurligi ta`kidlandi va qo`shimcha choralar belgilandi. Milliy traktorni mahalliylashtirish darajasini 35 foizga, osma texnika va tirkamalarni o`rtacha 60 foizga etkazish vazifasi qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar