Muxbir Xurshid Daliev qaerda saqlanayotgani ma`lum bo`ldi. U Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybli deb topilib, 7 yilga qamalgandi.
Bugun.uz manbasiga ko`ra, Kompromatuzb Telegram-kanali sobiq administratori Xurshid Daliev Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanida joylashgan "Tovoqsoy" nomi bilan tanilgan №64/3 sonli axloq tuzatish koloniyasiga jo`natilgan.
Shu yilning yanvar oyi oxirlarida fuqaro I.A. kelib tushgan murojaatga asosan, Human.uz saytining direktori Xurshid Daliev va boshqa shaxslarning telegram messenjeridagi Kompromatuzb va boshqa kanallar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorliklari sababli ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi "v" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgandi.
Ma`lumot uchun, ushbu moddaga ko`ra tovlamachilik bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo`lsa, jinoyatni amalga oshirganlar besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.






