AsosiyJamiyat

Vodiy viloyatlariga avtobenzin  hajmi oshiriladi

'Vodiy viloyatlariga avtobenzin  hajmi oshiriladi'ning rasmi

Havo haroratining keskin tushib ketishi va Farg`ona vodiysida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga qo`yilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli Andijon, Namangan va Farg`ona viloyati iste`molchilarining avtobenzinga bo`lgan talabi taklifga nisbatan keskin oshdi.  Bu haqda O`zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati xabar berdi.

Yuzaga kelgan mazkur ortiqcha talablarni qondirish maqsadida bugungi kunda Buxoro va Farg`ona neftni qayta ishlash zavodlarining avtobenzin ishlab chiqarish quvvatlari 3,3 ming tonnadan 4,0 ming tonnaga oshirildi yoki o`rtacha kunlik 700 tonna qo`shimcha avtobenzin ishlab chiqarilishi yo`lga qo`yildi.

Shuningdek, Rossiya Federasiyasidan import asosida “SDK Group And“ korxonasi tomonidan olib kelinayotgan AI-92 K5 rusumidagi avtobenzin hajmi oshirildi.

Bu bilan ichki bozorda birja savdolariga chiqariladigan avtobenzin miqdori savdosini oshirishga erishildi.

O`tgan 2022-2023 yilgi anomal sovuq davridagi talablardan kelib chiqib, Farg`ona vodiysidagi AYoQShlarga etkazib beriladigan kunlik avtobenzin hajmi 400 tonnadan o`rtacha 800 tonnaga oshirildi.

Buning uchun talab etiladigan 7,8 ming tonna avtobenzin zaxirasi Farg`ona vodiysi uchun safarbar etildi.

Yuqoridagilardan tashqari, Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan avtobenzinning asosiy qismi Farg`ona vodiysi iste`molchilariga etkazib berilishi ta`minlanmoqda.

Joriy oyning 13 sanasida “O`zbekneftgaz” jamiyati tomonidan Farg`ona vodiysidagi AYoQShlarga jami 929 tonna jumladan, Andijon viloyatida 503 tonna, Namangan viloyatida 202 tonna va Farg`ona viloyatida 224 tonna avtobenzin etkazib berildi.

Iste`molchilarga qulaylik yaratish maqsadida Farg`ona vodiysida “call centre” ishga tushirildi. Endi iste`molchilar haftaning 7 kuni davomida soat 08:00 dan 20:00 gacha neft bazalar bilan bog`lanib, avtobenzin ta`minoti bo`yicha ma`lumot olishlari mumkin bo`ladi.

Andijon viloyati – (90) 759-00-27;
Namangan viloyati – (97) 251-70-00;
Farg`ona viloyati – (73) 244-78-80.

 

 

    Boshqa yangiliklar