AsosiyJamiyat

Qo`shinlarning doimiy jangovar shaylik holati muhokama qilindi

'Qo`shinlarning doimiy jangovar shaylik holati muhokama qilindi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasida dolzarb mavzularga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda ko`rib chiqildi.  Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

Shuningdek, yillik rejaga asosan Qurolli Kuchlar qurilishi, uni yanada rivojlantirishning dolzarb muammolari, fuqarolarning harbiy xizmatni o`tashi va mamlakat harbiy xavfsizligini ta`minlashga oid boshqa masalalar yuzasidan Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shu bilan birga, 2023-yilning o`tgan davrida vazirlik tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holati to`g`risida mudofaa vazirining axboroti eshitildi. Uni mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiev o`qib eshittirdi.

Qayd etilganidek, 2023-yilning 13-yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni rahbarligida o`tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig`ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini sifatli ta`minlash maqsadida Mudofaa vazirligi tomonidan samarali ishlar olib borildi. 

Mudofaa vazirligi qo`shinlarining doimiy jangovar shayligini saqlash maqsadida joylarda 1000 dan ortiq to`satdan tekshiruvlar real jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan sharoitda o`tkazildi. Buning natijasida operativ tayyorgarlik tadbirlarining soni o`tgan yilga nisbatan 1,2 barobarga ko`payib, qo`mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishildi.

Shu bilan birga, joriy yilning o`tgan davrida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish hamda xizmat muddatini o`tab bo`lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo`shatish tadbirlari rejali amalga oshirilgan.

Jangovar va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlik, shuningdek, bilim saviyasi bo`yicha yuqori ko`rsatkichlarga erishgan muddatli harbiy xizmatchilarga oliy o`quv yurtlariga imtiyozli o`qishga kirish uchun tavsiyanomalar berildi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy kadrlarni tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish bo`yicha keng ko`lamli islohotlar olib borildi. Jumladan, Qurolli Kuchlar akademiyasida harbiy pedagogika va psixologiya mutaxassisliklari bo`yicha 2 yillik maxsus sirtqi ta`lim tizimi yo`lga qo`yildi. Qo`shinlarni yangi namunadagi qurol-aslaha va texnikalar bilan butlash, modernizasiya qilish va ta`mirlash ishlari davom ettirildi.

Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyati tizimli yo`lga qo`yilgani ham yig`ilishda alohida qayd etildi. 2023-yilning 11 oyida Mudofaa vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 4 074 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 826 tasi ijobiy hal etilgan, 2 005 ta murojaatga huquqiy maslahat berilgan va 243 tasi o`rganib chiqilmoqda.  

Jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarda asosan harbiy xizmatchilarning oilaviy sharoiti bo`yicha bir joydan boshqa joyga o`tkazish, harbiy xizmatga tiklash, kontrakt bo`yicha harbiy xizmatga kirish, uy-joy masalalari, oliy harbiy ta`lim muassasalari harbiy kafedralariga o`qishga kirish, o`tkazish va qaytadan tiklash hamda nafaqa va ijtimoiy ta`minotning boshqa masalalari ko`tarilgan.

Mudofaa vazirligi rahbariyati va mas`ul xodimlari tomonidan o`tkazilgan sayyor qabullarda 814 nafar jismoniy va yuridik shaxs qabul qilingan va ularga tegishli amaliy yordam ko`rsatilgan.  

O`z navbatida, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasining muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi.

Qarorda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarning o`z vaqtida, sifatli bajarilishini ta`minlash, mas`ul rahbarlarning bu boradagi shaxsiy mas`uliyatini yanada oshirish, fuqarolar murojaatlarida eng ko`p ko`tarilgan masalalarni tahlil qilish va ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlarni yo`lga qo`yish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan har bir muammoli masalalar yuzasidan o`z vaqtida hamda asosli munosabat bildirish, murojaatlarni o`rganishda xodimlarning mas`uliyatini yanada oshirish hamda ichki nazoratni kuchaytirish bo`yicha aniq choralarni ko`rish masalalari qayd etildi.

Senator va ekspertlar tomonidan bildirilgan taklif, mulohaza va savollarga mas`ullar tomonidan shu erning o`zida javob berildi.

Yig`ilishda shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining o`rinbosari, adliya polkovnigi Qahramon Isroilov ham so`zga chiqib, harbiy prokuratura organlari tomonidan 2023-yilning o`tgan davrida Qurolli Kuchlar tizimida qonun ustuvorligini ta`minlashda prokuror nazorati doirasida amalga oshirilgan ishlar holati to`g`risida axborot berdi.

 

    Boshqa yangiliklar