Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida, Toshloq tumanida yashovchi, 2006 y.t. shaxsning yashash xonadoni ko`zdan kechirildi.
Natijada, ushbu manzilda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 27 kg. 573 gr. “gashish” va 3 kg. 967 gr. “opiy” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan olib kelingan.
Bu yo`nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o`tkazildi.
Xususan, Andijon viloyatining Qo`rg`ontepa tumanida yashovchi, 1986 y.t. fuqaro Qirg`iz Respublikasining O`sh viloyatida istiqomat qiluvchi, 1984 y.t. shaxs bilan o`zaro til biriktirib, 1 kg. 806 gr. “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini xaridorga 80 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida qo`lga olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Qo`rg`ontepa tumanida yashovchi fuqaroning uyidan ham 2 kg. 698 gr. “Mefedron” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ta`kidlash lozimki, ushbu sintetik narkotik moddalar Qirg`iz Republikasidan olib kelingan.
Boshqa holatda esa Andijon tumanida yashovchi, 1992 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina to`xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, uning salon qismida kuchli ta`sir qiluvchi moddalar turkumiga kiruvchi 2800 dona “Regapen” va 957 dona flakonda “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ushbu kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari ham sotish maqsadida aylanma yo`llar orqali Qirg`iz Republikasidan olib kelingan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






