AsosiyJamiyat

“Yoshlar daftari” orqali ko`rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga etdi

'“Yoshlar daftari” orqali ko`rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga etdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 15 dekabr kuni yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo`yicha hisobot bilan tanishdi.

Bu boradagi chora-tadbirlar 7 ta yo`nalishda amalga oshirildi. Davlatning alohida e`tiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 mingining hayotda o`z o`rnini topishiga ko`maklashildi. Jumladan, 94 ming nafarining bandligi ta`minlandi, 56 mingi kasb-hunarlarga o`qitildi.

“Yoshlar daftari” orqali ko`rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga etdi, murojaatlarni ko`rib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqardi.

Joriy yilda yoshlar etakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so`mlik yordam ko`rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablag`lari to`landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o`qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi.

Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta`minlandi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” bu yildan boshlab 4 ta yo`nalishda –mahalla, maktab, professional ta`lim va oliygohlar tizimida o`tkazilib, jami 12 million nafar yoshlar qamrab olindi. Unda g`olib bo`lgan yoshlarning mahallalarida jami 623 ta sport maydonchasi barpo etildi.

Iste`dodlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan ilk “Kreativ park” foydalanishga topshirildi. “Zakovat” va boshqa intellektual o`yinlarga 2 million nafar yoshlar jalb qilindi.

Prezidentimizga Navoiy viloyatida barpo etilgan To`dako`l xalqaro shaxmat maktabi to`g`risida ham ma`lumot berildi.

Zamonaviy infratuzilma bilan ta`minlangan ushbu maktab yil davomida 1 ming 700 nafar o`g`il-qizni o`qitish va 7,5 ming nafar yoshni turli tadbirlar bilan qamrab olish imkoniyatiga ega. U erda jahon va Osiyo chempionatlari, universiada kabi xalqaro musobaqalarni o`tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. 

Davlatimiz rahbari ushbu maktabga xalqaro grossmeysterlarni olib kelib, olis hududlardagi iqtidorli bolalarni ham jalb qilish, ular uchun shaxmat bo`yicha qisqa muddatli oromgohlar tashkil qilish va tegishli sertifikatlar berishni yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berdi. Shuningdek, u mamlakatimizdagi barcha umumta`lim maktablari uchun tajriba va metodika manbai bo`lishi kerakligi, shaxmat darslarini olib borish jarayonini raqamlashtirish lozimligi ko`rsatib o`tildi.

Yig`ilishda yoshlar bilan ishlash borasida 2024 yilga mo`ljallangan ustuvor vazifalarga ham e`tibor qaratildi.

Har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo`yicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Yoshlar etakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformasiya qilinib, asosiy e`tibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o`rgatishga qaratiladi.

Bolalarning ko`nikmalari, qiziqishlari va iste`dodini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash maqsadida O`zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash borasidagi ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlarni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

“Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni o`rganayotgan yoshlar soni 1 million nafarga, “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlar soni 1,5 million nafarga etkazish choralari ko`riladi. Buning uchun hududlarda qo`shimcha infratuzilma barpo etilib, yoshlarning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va iste`dodini ro`yobga chiqarish uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi.

    Boshqa yangiliklar