Kecha, 18 dekabr kuni Savdo-sanoat palatasida chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Unda Soliq qo`mitasi rahbariyati va mutaxassislari ishtirok etdi.
Muhokamada tadbirkorlarning avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan integrasiyalashmagani uchun javobgarlik choralarini qo`llash masalasi ko`rib chiqildi.
O`tkazilgan davra suhbatida ko`tarilgan masalalar xususan, markirovka va integrasiya jarayonlarida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan soliq xizmati organlari va tadbirkorlik subektlari o`rtasida uchrashuv tashkil etilishi ma`lum qilindi.
Uchrashuv 2023 yil 21 dekabr (payshanba) soat 15:00da Soliq qo`mitasining “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazida bo`lib o`tadi.
Shuningdek, o`tkazilgan nazorat tadbirlari bo`yicha hududiy soliq organlari tomonidan chiqarilgan qarorlar ustidan shikoyatlarni ko`rib chiqish uchun “Soliq tekshiruvi yuzasidan shikoyat” Telegram boti ishga tushirildi.
Tadbirkorlik subektlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida Savdo-sanoat palatasi tomonidan Soliq kodeksining 227 prim 1-moddasi qo`llanilishi bilan bog`liq choralarini yumshatishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlangan.






